O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari tomonidan yosh avlod o‘rtasida muntazam ravishda ekologik targ‘ibot tadbirlari, tanlovlar, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazib kelinadi. Asosiy maqsad murg‘ak qalbli farzandlarimizni bolaligidanoq ona tabiatga mehr, atrof-muhitni asrash ruhida ulg‘aytirish, ularda ekologik madaniyatni shakllantirishdan iborat.
Olmazor tumanidagi 249-sonli maktabda o‘tkazilgan tadbir ham ayni maqsadga qaratildi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi, "Tasviriy oyna" ijodiy uyushmasi, Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Tabiatni asrash — insonni, Vatanni asrash demakdir” nomli ko‘chma foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirda ekologik tarbiya, iqlim o‘zgarishi, Orol fojiasi, suvni tejash, hayvonot olamini asrash, tabiatga mehr-muhabbat va ehtiyotkor munosabatda bo‘lish masalalari muhokama qilindi. Yoshlar o‘z fikr va takliflarini bildirib, jonli muloqotda faol qatnashdilar.
Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati Shahnoza Umarxo‘jayeva so‘zga chiqib davlatimiz rahbarining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati hamda ahamiyati xususida so‘z yuritdi.

Shuningdek, Yosh ekologlar harakati faollari poytaxtimizda ekofaollar bilan birgalikda targ‘ibot ishlarini amalga oshirish, ekologik ta’lim-tarbiyani shakllantirishda yoshlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab o‘tdilar.

Bu kabi targ‘ibot va tushuntirish ishlari o‘sib kelayotgan yosh avodni ona tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova,
O‘zA