Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiatni asrashda mikroorganizmlar: ilmiy yechimlar va amaliy natijalar (+video)
10:08 / 2025-09-25

24 sentyabr kuni Toshkentda “Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti, O‘zbekiston mikrobiologlar jamiyati, Jahon banki “Munis” loyihasi hamda “Science and innovation” jurnali hamkorligida mikrobiologiya sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, zamonaviy tadqiqot usullarini taqdim etish, xalqaro tajriba almashish hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

 Unda mikroorganizmlarning ekologiya, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va sanoatdagi roli, shuningdek biotexnologik yondashuvlar keng muhokama qilindi. Xususan, “Zamonaviy mikrobiologiya va biotexnologiya asoslari, Sanoat, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilishda mikrobiologik texnologiyalar”, “Tibbiyot, farmatsevtika va veterinariya mikrobiologiyasi”, “Mikrobiologik preparatlarni qo‘llash imkoniyatlari”, “Maxsus sessiyalar va ijodiy tashabbuslar” kabi amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari shular jumlasidandir. 

Xo‘sh, mikrobiologiya sohasidagi tadqiqotlarning qaysi amaliy  va qishloq xo‘jaligida foydali bo‘lishi mumkin? 

O‘zA muxbirining shu mazmundagi savoliga Qozog‘istonning Astana shahridan kelgan tadqiqotchi olima — Zhadyrassyn Nurbekova shunday javob berdi: 

“Bugungi kunda bizda ko‘p muammolar mavjud, bu faqat O‘zbekistonda emas, Qozog‘istonda ham kuzatilmoqda. Masalan, bizda ba’zi hasharotlar mavjud bo‘lib, ular ekinlarga zarar yetkazishi mumkin. Biz ekinlarga zarar yetkazadigan hasharotlarni oldini olishga yordam beradigan biopreparat yaratmoqchimiz. Albatta, biz ekinlarning hosilini oshirishni ham maqsad qilganmiz. Bugungi loyihamiz o‘simliklar, mikroorganizmlar va ularning o‘zaro ta’siri ustida olib borilmoqda va bu o‘zaro ta’sir ekinlarning hosilini oshirishga qanday yordam berishi mumkinligini o‘rganadi”. 

Anjumanda bundan tashqari, Mikrobiologiya institutini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi yangilanib, yaqinda o‘tkazilgan “Agar Art” ijodiy tanlovidagi tirik mikroorganizmlar yordamida yaratilgan san’at asarlari namoyish qilindi va eng yaxshi ishlar taqdirlandi. 

Tadbirda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli olimlar, jumladan, Xitoy, Qozog‘iston, Avstriya, Yaponiya, Eron, Italiya, Rossiya, Gruziya va boshqa mamlakatlardan olimlar ham ilmiy ishlari bilan qatnashishdi. Unda  bioxavfsizlik, bioinformatika, metabolomika, mikroorganizmlarni qattiq muhitda kultivatsiya qilish va zamonaviy fermentatsiya texnologiyalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar tomonidan seminar va amaliy darslar o‘tkazildi. 

Taqdim etilgan maqolalar mualliflarga elektron sertifikatlar topshirildi. 

Qozog‘istonlik mutaxassislarning ta’kidlashicha, ikki davlat olimlari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 2022 yilda imzolangan memorandum asosida bir qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Mikroorganizmlar uchun chegaralar yo‘q, shu bois tajribalar natijalarini birgalikda baham ko‘rish va yangi ishlanmalarni yaratish imkoniyati keng. Asosiy chaqiriqlardan biri – iqlim o‘zgarishi va tuproq degradatsiyasi. Olimlar kimyoviy vositalarsiz, mikroorganizmlar asosidagi “yashil texnologiyalar” yordamida tuproqni tiklash va hosildorlikni oshirish yo‘llarini izlamoqda. 

Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjuman mikrobiologiya sohasidagi fundamental bilimlar va amaliy izlanishlarni uyg‘unlashtirib, O‘zbekistonning innovatsion ekotizimini rivojlantirish, shu bilan birgalikda, jahon ilm-fanida mustahkam o‘rin egallashiga yangi imkoniyatlar yaratdi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/SEDpcByBqwc?si=fbAS_rZg1x12yy7I" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA