2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili
Tabiatga zarar yetkazuvchi faoliyatlar nafaqat ekologik tizimning muvozanatini buzadi, balki insonlarning hayoti va salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, bu yo‘nalishda huquqiy javobgarlikning turlarini belgilash va ularni samarali qo‘llash o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish bo‘yicha qonun talablarining ijrosini ta’minlashning asosiy vositalaridan biridir. Hozirgi vaqtda ekologiya sohasidagi qonunchilik normalarini buzganlik uchun javobgarlik turlari belgilagan.

Mulkiy (fuqarolik-huquqiy) javobgarlik atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishni ta’minlovchi huquqiy me’yor va qoidalarni buzish hollarida yuzaga keladi. O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning atrof tabiiy muhitga, inson salomatligi va odamlarning mol-mulkiga, xalq xo‘jaligiga yetkazilgan zararni qoplash yuzasidan chiqimdor bo‘lishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar va boshqa xodimlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan moddiy javobgar bo‘ladi.
Fuqarolik-huquqiy javobgarlikning o‘ziga xos jihati shundaki, u huquqbuzarga nisbatan intizomiy, ma’muriy va jinoiy ta’sir choralari bilan birga qo‘llanilishi mumkin. Ekologiya talablarini buzganlikda ayblanayotganlarning ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi ularni atrof tabiiy muhitga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
Intizomiy javobgarlik xodim o‘z mehnat vazifalarini atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishga oid intizom to‘g‘risidagi ustavlar yoki nizomlarda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan, ekologik qonunchilik talablarini buzganda kelib chiqishi mumkin. Intizomiy javobgarlikning zaruriy sharti shundaki, xodimning ekologik majburiyatlari mehnat shartnomasida va mehnat nizomida ko‘rsatilishi kerak.
Ekologiyaga zarar keltiruvchi huquqbuzarliklarga qarshi kurashda ma’muriy javobgarlik muhim o‘rin tutadi. Ma’muriy javobgarlikning mohiyati shundan iboratki, davlat vakolatli organlari aybdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llaydi. Ekologiya sohasidagi huquqbuzarlik o‘z xususiyatiga ko‘ra jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lmagan taqdirda, ma’muriy javobgarlik amalga oshiriladi.
Ekologiyaga zarar keltirganlik uchun huquqiy javobgarlikning turlari sohalarga ko‘ra bo‘lingan holda maxsus qonunlarda ham mavjud. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni 50-moddasida, “O‘rmon to‘g‘risida”gi qonunning 42-moddasida, Yer kodeksining 90-moddasida, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 53-moddasida “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuning 51-moddasida keltirilgan.
Ekologiya sohasidagi har bir qonunning asosiy maqsadi – atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiat resurslaridan qonun doirasida foydalanishni tartibga solish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashdan iboratdir. Ekologiya sohasidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilashda ekologik-huquqiy normalarni inobatga olish muhim ahamiyatga ega.
Huquqbuzarlik ma’muriy yoki intizomiy javobgarlikni keltirib chiqarsa, jinoyat esa jinoiy javobgarlikni talab qiladi. Bundan tashqari, fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi javobgarlik aybdor shaxsga ma’muriy, intizomiy yoki jinoiy javobgarlik bilan birgalikda qo‘llanilishi mumkin. Shunisi muhimki, ekologik talablarni buzgan shaxslar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishlari ularni tabiiy muhitga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
S.Utemuratova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA