Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tabiatni asrash – insonni, Vatanni asrash demakdir!”
21:01 / 2025-09-18

Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida ana shu mavzuda foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”ga bag‘ishlanib, qolaversa, Butunjahon tozalik kuni oldidan Andijon viloyatida turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Ekologik, Milliy tiklanish partiyalari viloyat kengashlari va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan foto hamda tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biridir. 

– Ushbu ko‘rgazmani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi, ayniqsa, yoshlar qalbida ekologik musaffolikni, atrof muhit tozaligini asrash, ona tabiatga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning bu boradagi bilim va tushunchalarini boyitish, ekologik madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat, – deydi Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Hokimxon Maqsumov. – Qolaversa, mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan. 

[gallery-25361]

Oliy o‘quv yurtlari talabalari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari, eko volontyorlar, ijodkor yoshlar, keng jamoatchilik vakillari  ishtirok etgan ko‘rgazmada viloyatdagi taniqli rassomlar, yosh musavvirlar, fotograflarning mavzu doirasidagi rang-barang asarlari, ijodiy ishlari namoyish etildi. 

Ko‘rgazma ishtirokchilarning mavzu doirasidagi bilim va qarashlarini boyitish bilan birga, ona tabiatga hurmat, mehr-muhabbat, uni asrab-avaylash nechog‘lik muhim ekanligini chuqurroq anglashlariga yordam berdi.

– Namoyish etilgan asarlar men kabi ko‘plab yoshlarning ona tabiatga muhabbatini, atrof-muhit tozaligini ta’minlashga bo‘lgan daxldorlik hissini kuchaytirdi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti talabasi, “Yosh ekologlar” harakati viloyat kengashi raisi Azizbek Solijonov. – Bu kabi tadbirlar tengdoshlarimizning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari samaradorligini yanada oshiradi. 

“Tabiatni asrash – insonni, Vatanni asrash demakdir!” mavzusidagi foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi viloyatning barcha tuman va shaharlarida, shuningdek, qator oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilishi belgilangan.

F.Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari