Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiatni asrash — insoniyatni asrash demak
09:45 / 2019-01-07

Bugungi kunda ekologiya bilan bog‘liq muammolar global ko‘rinish kasb etib, muayyan sharoitga moslashgan bir butun ekotizim yo‘qolib ketishiga olib kelayotgani va bunga, birinchi navbatda, antropogen omillar sabab bo‘layotgani jahon ahlini tashvishga solmoqda.

Albatta, insoniyat tamaddunining barcha bosqichlarida sayyoramiz tabiiy boyliklari, hayvonot va nabotot olami inson hayotiy faoliyati uchun zarur ehtiyoj manbai bo‘lib kelgan. Texnika va texnologiya, sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya, bioxilma-xillikni asrash, tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolar bir mintaqa yoki bir mamlakatgagina emas, balki barcha qit’alarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Darhaqiqat, insoniyat oldidagi dolzarb vazifalardan biri — atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish, flora va fauna olamini asrab-avaylash, global ekologik inqirozga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi. Axir ekologlar yaqin 50 yilda sayyoramizda millionlab yillar davomida shakllangan biologik xilma-xillik qariyb 50 foizga kamayishi va bu ayanchli oqibatlarga olib kelishi haqida bizni bejiz ogohlantirmayapti. Buni sayyoramizda inson tomonidan hosil qilingan chiqindi miqdori tabiiy paydo bo‘ladigan miqdorga nisbatan 2 ming barobar ko‘pligi, haydaladigan yerlarning 40 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish uchun mutlaq yaroqsiz holga keltirilganidan ham anglash mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tabiatda turlarning rivoji bamisoli zanjirdek bir-biri bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, ular o‘zaro yaxlit ekotizimni tashkil etadi. Hatto bir giyohning yo‘qolishi ham yashil olamning muvozanati buzilishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

Tabiatning noyob flora va faunasini muhofazalash, bunday hududlarni kengaytirish maqsadida sayyoramizda 11 yanvar — Qo‘riqxona va milliy bog‘lar kuni sifatida nishonlanadi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha muhim huquqiy, tashkiliy va ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi 15 dan ziyod qonun, tabiiy resurslarning ayrim turlaridan foydalanish mexanizmlari va shartlari, shuningdek, davlat ekologik ekspertizasini amalga oshirish, turli toifadagi qo‘riqlanadigan hududlarni tashkil qilish va ularda alohida foydalanish rejimini o‘rnatish tartib-taomillari va boshqa masalalarni belgilab bergan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va amal qilmoqda.

Maftunkor yurtimizda o‘simliklarning 4 yarim mingga yaqin turi o‘sadi. Biologik va landshaft rang-barangligi ham asosiy milliy boyliklarimizdan sanaladi. Umurtqali hayvonlarning faunasi 105 turdagi sut emizuvchilar, 441 turdagi qushlar, 60 turdagi sudralib yuruvchilar, uch turdagi ham suvda, ham quruqlikda yashaydigan jonivorlar va 76 turdagi baliqlarni tashkil etsa, umurtqasizlar faunasi o‘n besh ming turga yetadi.

Betakror tabiatimiz va undagi bioxilma-xillikni to‘liq muhofaza etish, ularni qayta tiklash va ko‘paytirish ishlari muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilmoqda. Respublikamizda 8 ta davlat qo‘riqxonasi (Chotqol, Zomin, Nurota, Hisor, Kitob, Surxon, Zarafshon, Qizilqum), 2 ta milliy tabiat bog‘i (Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i, Zomin milliy tabiat bog‘i), 1 ta davlat biosfera rezervati (Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati), 13 ta davlat buyurtmaxonalari, 7 ta davlat tabiat yodgorligi va hayvonlarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan 3 ta tabiiy pitomnik («Jayron» ekomarkazi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida joylashgan 2 ta yo‘rg‘a-tuvaloq parvarishlash pitomnigi) faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 83 ta mahalliy ahamiyatga ega muhofaza etiladigan tabiiy hududlar mavjud. Bu hududlarda milliy hamda xalqaro «Qizil kitob»larga kiritilgan 181 turdagi hayvon, 400 turdagi o‘simlik davlat muhofazasiga olingan.

Bugungi kunda qo‘riqxonalar va milliy tabiat bog‘lari xodimlari nafaqat o‘z  hududidagi tabiiy boyliklarni asrash, balki aholi o‘rtasida muhofaza etiladigan tabiat boyliklarining inson uchun nechog‘li muhimligini tushuntirish, atrof-muhit ozodaligi va bioxilma-xillikni saqlash bilan bog‘liq targ‘ibot-tashviqot ishlarini ham olib borayotgani tahsinga loyiq.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 aprelda imzolangan “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash, chiqindilar bilan bog‘liq ishlar samarali amalga oshirilishini ta’minlash belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil qilindi.

Atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan vazifalarni bajarishda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda jamoat birlashmalari va fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, respublikamizda ekologik muammolar va atrof-muhit muhofazasidagi loqaydliklarga barham berish, atrof-muhit muhofazasi va ekologik holatni sog‘lomlashtirish ishida jamoatchilik ishtirokining faolligini har tomonlama kuchaytirish, bu borada qabul qilingan qonunlar hamda qarorlar ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Ekologik harakatining bosh maqsadidir.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi iqtisodiyotning ekologik jihatdan mutanosib rivojlanishi tarafdori va ekologik muammolarni hal etishda o‘z sa’y-harakatlarini, birinchi navbatda, ushbu muammolarning iqtisodiy jihatlariga qaratadi. Barcha ekologik muammolarni va u bilan bog‘liq fuqarolar salomatligini himoya qilish masalalarini faqat davlat byudjetiga yuklash to‘g‘ri bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. O‘zbekiston “Adolat” SDP Saylovoldi dasturida iqtisodiy loyihalarning ekologik ekspertizasini kuchaytirish, uning ochiq va oshkoraligini ta’minlash, bu ishga NNT, ilmiy jamoatchilik, deputatlik korpuslarini keng jalb etish lozimligi ham belgilab qo‘yilgan.
Muxtasar aytganda, atrof-muhitni muhofaza qilish, kelajak avlodga tabiiy boyliklarini bus-butun yetkazish, ekologik muammolarni bartaraf etishga hissa qo‘shish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

 

M.Xolmurodova, 
TDMRXOM o‘qituvchisi