Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiatni asrab, avaylash – insoniy burchimiz
11:19 / 2025-10-23

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasining Nukus filiali tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Chiqindidan yangi mahsulot” innovatsion g‘oyalar hamda umumiy ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Mening yashil maktabim” nomli videoroliklar tanlovlari o‘tkazildi.

Tanlov 2 bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda g‘olib bo‘lgan 12 nafar talaba va umumiy ta’lim maktabi o‘quvchilari tanlovning final bosqichida ishtirok etishdi. Mazkur bosqich Nukus Yoshlar Texnoparkida bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tanlovlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad – yoshlarning ekologik bilimini va madaniyatini oshirish, ekologik muammolarga yechim topish, ekologik barqarorlikka erishish, xarajatlar bilan bog‘liq mehnatlarni amalga oshirishning xavfsiz tizimini mustahkamlash, chiqindilarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish, ekologik sohada faol yoshlar va o‘smirlarni rag‘batlantirish, tabiatga zarar yetkazishning oldini olish, chiqindidan ekologik yangi mahsulot tayyorlash edi.

Tanlovga talabalar tomonidan maishiy chiqindilarni qayta ishlab, yangi mahsulot yaratish, chiqindiga ikkinchi hayot bag‘ishlash bo‘yicha startap loyiha va g‘oyalar, shuningdek, o‘quvchilar tomonidan maktab hududlarini obodonlashtirish, chiqindilardan tozalash mavzularida videoroliklar taqdim etildi. Kelib tushgan loyiha va videoroliklar hakamlar hay’ati tomonidan ularning ekologik samaradorligi, innovatsion yechimi, amaliyotga joriy etilishi va jamiyatda foydalanish jihatlari bo‘yicha baholandi.

– Tabiat biz uchun katta tayyor resurs. Lekin bizga bu resursdan to‘laqonli foydalanish emas, uni asrab-avaylash, to‘ldirib borish madaniyati kerak. Agar biz tabiatdan olayotganimizni qaytarmasak,  bu – iste’mol, lekin uni qaytarsak – bu rivojlanish. Chiqindidan foydalanish, suvni tejash, yashil hududlarni ko‘kalamzorlashtirish – tabiatni asrashning eng to‘g‘ri yo‘li. Biz yoshlar ekologik muammoga innovatsion yechim topish yo‘lida izlanyapmiz, – deydi Nukus texnika universiteti talabasi, tanlov g‘olibi Miras Menglibekov.

Tanlov yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA