Saksovulzorlar barpo etish orqali ko‘chma qumlar mustahkamlanadi, cho‘llanish jarayoni sekinlashadi, uning ta’sirida yer ustki qismida shamolning tezligi kamayadi, chang to‘zonlar bo‘lib havoga tuz va qum zarrachalarini ko‘tarilishi kamayadi.
Bir tup saksovul o‘simligi to‘rt tonna ko‘chuvchi qumni to‘xtata oladi. 1 gektar saksovulzor yil davomida 1135 kilogramm karbonat angidrid gazini yutib 835 kilogramm kislorod ajratadi. Bu esa havo tarkibini yaxshilaydi, atrof muhitni ifloslanishiga chek qo‘yiladi.
Afsuski oramizda shunday insonlar borki, tabiatga zarar yetkazib, ko‘plab tabiat injiqliklarini kelib chiqishiga sababchi bo‘lmoqda.
Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Atrof-muhit va bioxilmaxillikni asrash, saksovul, cherkez, qandim hamda yulg‘un o‘simliklarini kesilishini oldini olish maqsadida doimiy ravishda nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda. Natijada boshqarmaning tezkor guruh xodimlari hamda Shofirkon tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning cho‘l hududlarida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd tadbiri davomida Shofirkon tumani yashovchi fuqaro T.G. G‘alaba cho‘l massividan saksovul o‘simligini olib kelayotganida inspektorlar tomonidan ushlandi.
Holat yuzasidan huquqbuzar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 5 191 200 so‘m jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar 10 300 000 so‘m hisoblandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.