Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiatga yetkazilgan arzimas zarar ham katta ekologik muammolarga sabab bo‘lishi mumkin
13:56 / 2022-04-24

Iqlim o‘zgarishi – global miqyosdagi ushbu muammo nafaqat insoniyat balki yer sayyorasidagi jamiki tirik organizmlarning hayotiga ulkan tahdid solmoqda.

Ekologiyani asrash, atrof-muhitni himoya qilish bu bugun ko‘pgina mamlakatlarda siyosat darajaga ko‘tarilib ulgurdi. Havoning ifloslanishi va ekomuvozanatning o‘zgarib ketishiga juda ko‘p omillar sabab bo‘lmoqda. Xususan, chiqindilardan oqilona foydalanmaslik muammosi shulardan biri. Biz chiqindilarni boshqarishning yomon usullarini qanday o‘zgartirishimiz mumkin, bu harakatlar iqlim o‘zgarishiga qanday tasir qiladi?

Iqlim o‘zgarishi o‘zi nima?

Iqlim o‘zgarishlari so‘nggi yillarda har bir sohaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. XXI asrning oxiriga kelib, Yerda harorat taxminan ikki darajaga ko‘tarilishi taxmin qilinmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘ta xavfli bo‘lib, bizning ekotizimlarimiz, flora, fauna va odamlarga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, atmosferaning kimyoviy tarkibi turli xil gazlar, asosan metan, karbonat angidrid va azot oksidi chiqindilarining ko‘payishi tufayli sezilarli o‘zgarishlar yuzaga keldi. Hozirda atmosferaga chiqariladigan gazlar sayyoramizni yopinchiq misoli qoplab olgan. Bu yer yuzida radiatsiyaning oshishi va havo haroratining ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Oqibat muzliklarning erishi va qor qoplamining qisqarishi, chuchuk suv manbalarining kamayishiga, noodatiy yog‘ingarchiliklarga va dengiz suvi sathining ko‘tarilishiga olib keladi. Bunda dengiz va okean atrofidagi mamlakatlarda suv toshqinlari xavfi ortishi, okeanlardan uzoqda joylashgan mamlakatlarga esa qurg‘oqchilik xavf soladi.

Iqlim o‘zgarishi nafaqat atrof-muhitga, balki inson hayotiga ham ta’sir qiladi. Tabiatdagi o‘zgarishlardan tashqari, iqlim o‘zgarishi ham biologik tizimimizda dahshatli o‘zgarishlarga olib keladi. Inson salomatligi uchun ekologik xavflar, jumladan, ekstremal ob-havo, yong‘in xavfining kuchayishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va yuqumli kasalliklarning tarqalishi tobora kuchayib boradi. Bundan tashqari, atmosferaga tarqaladigan gazlar miqdori ortib borayotgani okeanlar va dengiz mavjudotlari, o‘simliklarining kislotalanishiga sabab bo‘ladi. Bu butun ekotizimni yangi yashash sharoitlariga olib keladi.

Chiqindilarni boshqarish iqlim o‘zgarishiga qanday hissa qo‘shadi?

Tabiatning o‘zi aslida juda nozik bo‘lib unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni talab etadi, ammo ko‘plab holatlarda atrof-muhitga nisbatan o‘ta shafqatsiz munosabatda bo‘lish undagi tiriklik belgilarini tobora yo‘qolib borishiga sabab bo‘lmoqda. Chiqindilarni ko‘chalarga tashlab ketishimiz va bir joyda uzoq vaqt yig‘ilib qolgan chiqindilardan chiqadigan gazlar havoga go‘yoki neft mahsulotlarini yoqish paytida hosil bo‘ladigan zararli gazlar kabi tabiatga salbiy tasir qiladi. Natijada atmosfera va ozon qatlamidagi quyoshning zararli nurlarini qaytarib turuvchi qatlamlar yemirilishi va global isishni vujudga keltiradi.

Bugun tabiatga nisbatan o‘z mas’uliyatimizni his qilishimiz lozim. Bir martalik plastik idishlardan foydalanishni kamaytirish, hatto ulardan voz kechish va mahsulotlarni qayta ishlash tizimini yaxshi yo‘lga qo‘yish lozim. Bu orqali biz chiqindilar miqdorining kamayishiga erishishimiz mumkin.

Aholi yashash joylarida, ayniqsa, shaharlarda chiqindi tashlash idishlarini ko‘paytirish va chiqindilarni to‘liq nazoratga olish zarur. Shuningdek, aholining chiqindilarni tashlash bilan bog‘liq talablarga rioya etish madaniyatini va ekologiyaga nisbatan dunyoqarashini yaxshi tomonga o‘zgartirish kerak. Barcha ona tabiatni sevsa, kelajakda global muammolar bo‘yicha ko‘plab yaxshi natijalarga erishsa bo‘ladi.

Asror Salohiddinov,

Pedagogik innovatsiyalar instituti yetakchi mutahassisi