Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiatga muhabbat bolalikdan boshlanadi
16:18 / 2025-09-06

Ekologik muammolar tobora global ahamiyat kasb etayotgan bugungi zamonda ekologik ta’lim va tarbiya eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Bu holat atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik ma’rifatni shakllantirish va keng targ‘ib etishni talab etmoqda.

O‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida ekologik ong, bilim va madaniyatni shakllantirish, ularni tabiatni asrashga chorlovchi ta’lim-tarbiya orqali yo‘naltirish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan izchil ravishda turli ko‘rinishdagi tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.

Shu maqsadda, sentyabr oyi davomida ekologik targ‘ibot ishlari doirasida “Ekologiyaning yosh himoyachilari” loyihasi asosida mamlakatimizning turli hududlarida qator faoliyatlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, Jizzax viloyati ekologiya boshqarmasi, “Yosh ekofaollar harakati” kengashi hamda Ekologik partiyaning viloyat kengashi hamkorligida Jizzax shahridagi 13-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida “Tabiat va biz” nomli rasmlar tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tanlov doirasida bolajonlar tabiat haqidagi tasavvurlarini,  shuningdek, atrof-muhitga oid bilim va qarashlarini qog‘oz va asfaltda aks ettirishdi.  Rasmlar orqali bolalar nafaqat tabiatga bo‘lgan muhabbatlarini, balki uni asrash, hayvonot va o‘simlik dunyosini avaylash, suv va boshqa tabiiy resurslarni ehtiyot qilish hamda ulardan oqilona foydalanish zarurligini bayon etishdi.

Tanlovda ishtirok etgan barcha bolalar viloyat ekologiya boshqarmasining “Faxriy yorliq” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tadbir yakunida esa bolalar tabiat va ona Vatan haqidagi she’r va qo‘shiqlarni ijro etib, raqsga tushdilar.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari