Atoqli shoir Azim Suyun she’rlarida teran falsafa, ona-tabiatga maftunlik, odamlarga, hayotga cheksiz mehr ustuvor.
Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyati Nakurt qishlog‘ida tug‘ilgan.
Manbalarga ko‘ra, bu qishloq Nurota tog‘larining Qoratog‘ tizmasi orasida joylashgan. U 1969-1971 yillarda harbiy xizmatda bo‘ldi. Xizmatdan qaytgach, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakulteti kechki bo‘limida o‘qigan.
Azim Suyunning ilk she’riy mashqlari, maqolalari o‘quvchilik kezlaridayoq “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallarida, tuman, viloyat gazetalarida yoritila boshladi.
Shoirning birinchi kitobi – “Mening osmonim” nomi bilan 1978 yilda kitobxonlarga taqdim etilgan.
Shundan so‘ng Azim Suyunning “Zarb” (1979), “Zamin taqdiri” (1981), “Xayolot” (1984), “Ziyo yo‘li” (1986), “Javzo” (1987), “Olis tonglar” (1989), “Kuyganim-suyganim” (1992), “Sarbadorlar” (1994), “Qora ko‘zing sening” (1994), “Saylanma” (1997), “O‘zlik” (1999), “Sharq hikmati” (2000), “Ey do‘st” (she’riy qayirmalar, 2005), “Vatan fasllari” (2007), “Muhabbat hayratlari” (2009), “Andiz o‘sgan yerlarda” (2012), “Ey do‘st” (nasriy qayirmalar, 2014), “Navoiydan topdim” (2015), “Men – yerlikman” (she’rlar va doston 2020) nomli kitoblari nashr etildi.
Shuningdek, shoirning 7 jildlik “Tanlangan asarlar”i G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan. Ularning 1-jildi “Ey do‘st” 2009 yil, 2-jildi “O‘zbekyurt” 2015 yil, 3-jildi “Men sizni sevaman” 2016 yil, 4-jildi “Tug‘dona” 2020 yilda kitobxonlar qo‘liga yetib bordi.
Azim Suyunning bir qancha she’rlari, she’riy turkumlari, kitoblari, rus, ingliz, turk, qozoq, tojik kabi o‘nlab tillarga tarjima qilingan.
O‘z navbatida uning o‘zi ham bir qancha chet el shoirlarining asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
Azim Suyun “Qayirma” janriga asos soldi. Uning she’riy va nasriy qayirmalardan iborat “Ey do‘st” kitobi ma’lum va mashhur bo‘lib, bir necha bor chop etilgan. Shuningdek, shoir ijodida “Imorat va yoki bir tomchi dengizga aylangan kecha dostoni”, «Zamin taqdiri», “Sarbadorlar” dramatik dostoni, “O‘zbekiston” dostoni alohida ahamiyatga ega. Uning “O‘zbek davlati” dostoni esa mustaqillik mavzusidagi yetuk asarlardan biridir.
Shoir 1991 yil “O‘zbekiston” dostoni va bir turkum she’rlari uchun Abdulhamid Cho‘lpon nomidagi birinchi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan. 1996 yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan mukofotlangan.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA