Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiatga har qanday zug‘umning javobi bor!
11:18 / 2023-03-25

Yaqinda jahon hamjamiyati Turkiyaning Shonliurfa viloyatida yuz bergan davomli yomg‘ir natijasida dahshatli suv toshqini kelib chiqqaniga guvoh bo‘ldi. Kutilmagan ofat shifoxonalar faoliyatini izdan chiqardi, qishloq xo‘jaligiga jiddiy ziyon yetkazdi, uylar, bino va inshootlar suv ostida qoldi. Bu Turkiya xalqi uchun fevral oyida yuz bergan dahshatli zilziladan keyingi navbatdagi sinov bo‘ldi. Uzoqqa bormaylik, o‘tgan yil yozda Pokistonning qariyb uchdan bir qismi musson yomg‘iridan keyin yuzaga kelgan suv toshqini girdobida qoldi.

Pokiston xalqi tabiat injiqligi bilan kurashib yashashga o‘rgangan, lekin ko‘lami bu darajada yirik suv toshqini mamlakatda 80 yildan buyon kuzatilmagan ekan. Ofat tufayli 1200 kishi qurbon bo‘ldi, 30 milliondan ziyod insonning hayoti izdan chiqdi, 1 million bir yuzdan ortiq uy vayron bo‘ldi, 5 ming kilometr yo‘l yaroqsiz holga keldi, kamida 733 ming bosh qora mol nobud bo‘ldi.

Hodisa fermer xo‘jaliklari faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ekin maydonlari suv tagida qolib, hosilning salmoqli qismi boy berilgani sababli ocharchilik xavfi kuchaydi. Ayni payt mamlakat xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj.

Власти ЮАР obъявили чрезвычайное положение из-за наводнения – DW –  19.04.2022

Olimlar 2100 yilga kelib dunyo xaritasi o‘zgarishi, sohil bo‘yi mamlakatlar hududi o‘zgarishi, yirik shaharlar qisman yoki butunlay suv ostida qolishidana ogohlantirmoqda.

Hech kimga sir emas, bu faraz okean sathi ko‘tarilishiga olib keladigan global isish oqibati sabab paydo bo‘lgan. Vaqti kelib insoniyat zakosi mahsuli sifatida hamon bizni hayratga solib kelayotgan shaharlar, betakror go‘shalar suv ostida qolishi yoki vayronaga aylanishini tasavvur qilging kelmaydi. Afsuski, endi dunyomiz avvalgi emas.

Global harorat trayektoriyasi o‘zgarishiga asoslangan dahshatli bashoratga ko‘ra, London, Nyu-York, Bangkok va boshqa yirik shaharlar 2100 yilga kelib suv tubiga g‘arq bo‘ladi. Sayyoramiz harorati 3°C ga qizib ketishi mumkin. Bir qarashda bu raqam arzimagan ko‘rinadi, lekin uning global miqyosdagi ta’siri dunyo bo‘ylab millionlab odamlar turmushida, ulkan fojeada aks etishi mumkin.

Ekspertlar ta’kidlashicha, issiq to‘lqin uzoq davom etadi, tez-tez ko‘tarilib, qurg‘oqchilikka, global oziq-ovqat tanqisligiga olib keladi. Migratsiya kuchayadi, kasallik tarqalishi tezlashadi. Havo isisa, qutb muzi erishi jadallashadi, dengiz sathi ko‘tariladi. Alal-oqibat insoniyat dolzarb iqlim muammosi bilan shug‘ullanmas ekan, halokatning oldini olish borgan sari mushkullashaveradi. 

Пакистан: страна уходит под воду – Эконоmiка и экология | IPG Journal

2100 yilga kelib Janubi-sharqiy Osiyoda Bangkokdan tashqari Vetnamning janubiy qismi ham jiddiy xavf ostida qoladi. Fransiya shimoli, Belgiya, Germaniya, keyin Niderlandiyaning, taxminan, yarmi suvga g‘arq bo‘ladi. Amsterdam va Gaaga orolga aylanishi mumkin. Angliyaning aksariyat qismi suvga cho‘kadi. London suv toshqinining G‘arb dunyosidagi eng yirik nishoniga aylanishi bashorat qilinmoqda. Nyu-York ham xavfli hududda joylashgan. Xususan, Manxettenning pastki qismini suv bosadi. San-Fransisko, Los-Anjeles va Amerikaning yana bir qator shaharlarida ham o‘zgarish sodir bo‘ladi.

Iqlim isishi million yillar davomida sayyoramiz ob-havosini barqarorlashtirib turgan muzlikka ta’sir etmasdan qolmaydi, albatta. Olimlar fikricha, agar iqlim 1.8 daraja yoki ko‘proq ilisa, muzlik erishi 30 marta tezlashar ekan.

Nahotki! Arktika muzliklari butunlay erib ketish arafasida...

Xalqaro iqlimshunoslar guruhi Grenlandiya va G‘arbiy Antarktida muz massalari erishi iqlim 1.8 daraja yoki ko‘proq isishi natijasida yuz berishini qayd etishadi. Natijada muz erishi va global tarzda dengiz sathi ko‘tarilish keskin tezlashadi.

— Insoniyat hozirdanoq ilojini topmasa, yaqin 130 yil ichida dengiz sathi kamida bir metr ko‘tariladi, — deydi germaniyalik fizik-iqlimshunos va okeanograf Aksel Timmermann. — Uning ta’kidlashicha, agar insoniyat global isishni selsiy bo‘yicha 1.8 daraja atrofida ushlab turolmasa, yaqin o‘n yilliklarda dengiz sathi keskin ko‘tarilishi aniqlangan. Iqlimshunoslar ushbu xulosaga Grenlandiya va G‘arbiy Antarktida muz qatlami o‘zgarishini kompyuter orqali modellashtirgandan keyin kelishgan. Tadqiqotchilar muzlik erishiga ushbu model tuzilishidagi turli o‘zgarishlar, jumladan, yoriq, bo‘linish, aysberg paydo bo‘lishi, muz yuzasida erigan suv to‘planishi va muz erishini tezlashtiradigan boshqa jarayon qanday ta’sir qilishini hisobga olgan. Muz bo‘lagiining dengizga qarab harakatlanishi massaning hajmini kamaytiradi. Hisob-kitob shuni ko‘rsatmoqdaki, iqlimning selsiy bo‘yicha 1.8 daraja isishi o‘ziga xos zanjirli reaksiyani boshlab beradi va keyingi bir yarim asrda muzlik erishi jarayoni sezilarli jadallashadi. Buning sababi shundaki, harorat ko‘tarilishi bilan Grenlandiya va G‘arbiy Antarktida muzliklari beqarorlashadi va bo‘lina boshlaydi. Natijada erish jarayoni, taxminan, 30 baravar tezlashadi.

Полосатые aysbergи-картинки

Dengiz suvi sathi ko‘tarilishiga issiqxona gazi ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

BMT ekspertlari fikricha, agar issiqxona gazi chiqindisi tarqalishi hozirgi sur’atda o‘sishda davom etsa, asr oxiriga kelib, dengiz sathi 30-50 sm ko‘tarilar ekan.

Osiyoning yirik shaharlari suv ostida qolishi mumkin(mi?)!

Iqlim o‘zgarishi va tabiiy okean tebranishi ta’sirini o‘rganuvchi yangi tadqiqot xulosasiga ko‘ra, 2100 yilga kelib nafaqat Yevropa yoki Amerika, balki Osiyoning ham ba’zi yirik shaharlarini ayanchli qismat kutmoqda. Okean harorati ko‘tarilishi va iqlim o‘zgarishi, muzliklar misli ko‘rilmagan darajada erishi dengiz va okean sathini keskin ko‘tarib yuboradi.

Yaqinda “Nature Climate Change” jurnalida chop etilgan hisobot millionlab odamlar uchun tabiiy oqibat qanchalik fojeali kechishi mumkinligidan ogoh etadi. Garchi, sariq qit’aning ko‘pgina qirg‘oq bo‘yi metropoliyalari allaqachon suv toshqini xavfi ostida turgan bo‘lsa-da, tadqiqot shuni ko‘rsatmoqdiki, avvalgi tahlillar tabiiy okean tebranishi oqibatida dengiz sathi ko‘tarilishi va suv toshqini xavfini yetarli darajada baholagan. Masalan, Filippin poytaxti Manilada keyingi asr faqat iqlim o‘zgarishi tufayli qirg‘oq bo‘ylab suv toshqini sodir bo‘lishi avvalgidan 18 karra tezlashishi taxmin qilinmoqda.

Затопленный парк развлечений в Новшере, 31 августа 2022 гоda. Фото: Reuters

Fransiyaning Milliy ilmiy-tadqiqot markazi (CNRS) va La-Roshel universiteti, AQSHning Atmosfera tadqiqotlari milliy markazi (NCAR) olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, Tailand poytaxti Bangkok, Vetnamning Xoshimin shahri, Myanmada Yangon, Hindistondagi Chennay va Kalkutta, shuningdek ba’zi g‘arbiy tropik Tinch okeani orollari va g‘arbiy Hind okeani orollari kuchli xavf ostida. Tadqiqot mualliflari AQSH va Avstraliyaning g‘arbiy qirg‘og‘ida ham dengiz sathi ko‘tarilishini ta’kidlagan. Faqat Osiyo metropoliyalarida suv toshqini va dengiz sathi me’yoridan yuqori ko‘tarilishi 50 milliondan ortiq odam hayotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hindistonning o‘zida 30 millionga yaqin aholi hodisa qurboniga aylanishi mumkin. Bangkokda 11 million, Xoshiminda 9 milliondan ziyod, Yangonda 5.6 millionga yaqin aholi istiqomat qilishi hisobga olinsa, buning ustiga issiqxona gazi emissiyasi darajasi oshishi qo‘shilsa, fojea va tahdid ko‘lami tasavvurga sig‘maydigan darajada ulkan ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Tadqiqot natijasi G‘arbiy Tinch okeani, Avstraliya va Osiyoni odatdagidan isitib yuboradigan tabiiy hodisalar dengiz sathi ko‘tarilishini 20-30 foiz kuchaytirishi mumkinligidan darak bermoqda. Bu ham ekstremal suv toshqini xavfini oshiradi.

Suv toshqinlari, jumladan, Markaziy Osiyo uchun ham begona hodisa emas. Mintaqamizda yuz beradigan suv toshqinlariga kuchli yog‘ingarchilik yoki harorat to‘satdan keskin isib ketishi oqibatida tog‘larda qor erishi tezlashishi sabab bo‘ladi. Ayni ekin-tikin boshlangan payt toshqin yuz berishi mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ziyon keltiradi. Umuman, bu alohida mavzu.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, insoniyat ilm-fanda qanchalik yuksak cho‘qqilarni zabt etgan bo‘lmasin, suv balosiga va boshqa tabiiy ofatlar xurujiga bas kela olmayapti.

Nega? Iqlim o‘zgarishi global tus oldimi? Is gazining atmosferaga tarqalish m’yori izdan chiqdiimi? Tabiiy zaxiralar, qazilma boyliklar inson tomonidan shafqatsizlarcha tasarruf etilyaptimi?

Xullas, sayyoramiz ahli tabiat bilan murosaga kela olmayapti, muvozanatni saqlay bilmayapti. Zaminga qilinayotgan zug‘um haddan oshmoqda. Natijada turli ko‘rinishdagi tabiiy ofatlar ko‘paymoqda. Suv toshqinlari bu jarayonning bir ko‘rinishi, xolos.

Saidmurod RAHIMOV,

O‘zA sharhlovchisi