FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Termiz tumanida “Tabiat uchun g‘amxo‘rmiz!” shiori ostida “Plogging” aksiyasi tashkil etildi.
Ekologik madaniyat yoshlikdan shakllansagina, vaqti kelib, bu borada muammolar ustida bosh qotirib o‘tirilmaydi. Ozon qatlamining yemirilishi, Orol dengizining qurib, tuz to‘fonlari ko‘tarilishi, katta-katta yer maydonlarining sho‘rlanib ketishida inson omilining ta’siri ham katta. Ekologik muammolar duch kelgan joyga iste’molimizdan chiqqan chiqindini uloqtirishimizdan boshlanadi, aslida. Kichik e’tiborsizlik, katta muammolarga debocha bo‘ladi.
[gallery-11338]
Xalq orasida ekologik madaniyatni shakllantirsakkina, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olgan bo‘lamiz. Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi, oliy ta’lim muassasalaridagi volontyorlar markazlari hamda “Ekolog” jamoat birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan aksiya ham ushbu maqsadga xizmat qildi.
Bir guruh ko‘ngilli yoshlar aksiya doirasida tashkil etilgan marafonda hududdagi chiqindilarni yig‘ib, atrof-muhit tozaligiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Marafonda faol ishtirok etgan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA