15 aprel — Ekologik bilimlar kuni
Bugun butun Yer sayyorasida avj olayotgan ekologik muammolar insoniyatni hamjihatlikda yo‘l tutishga, ayanchli vaziyatlarga qarshi birgalikda kurashishga undaydi. Shu ma’noda ko‘plab xalqaro kelishuv va bitimlar tuzilyapti, keng jamoatchilik e’tiborini ekomuammolarga qaratish maqsadida turli ekologik sanalar belgilangan.

Jumladan, bugun — 15 aprel dunyo miqyosida Ekologik bilimlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu kunni 1992 yil Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan BMT konferensiyasida atrof-muhit muammolari muhokamasi chog‘ida insoniyatning hayoti va barqarorligi uchun butun dunyo aholisi o‘rtasida ekologik bilimni targ‘ib etish maqsadida nishonlash taklif etilgan.
Ushbu sana mohiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiyasi a’zosi Navro‘zbek Yusupov quyidagilarni bayon qildi:
— 15 aprel dunyo miqyosida Ekologik bilimlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun insonning tabiatga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqish, ekologik xabardorlikni oshirish va barqaror rivojlanish maqsadida atrof- muhitga ehtiyotkor munosabatni shakllantirish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi. Atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari nafaqat ekologlar, balki har bir fuqaroning kun tartibida bo‘lishi lozim.
Ekologik bilimlar — inson va tabiat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni tushunishga yordam beradigan nazariy va amaliy bilimlar majmuasidir. Bu bilimlar insonning tabiatga bo‘lgan ijobiy munosabati, ya’ni tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ifloslanishni kamaytirish, bioxilma-xillikni saqlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Ekologik savodxon inson o‘z hayot tarzi orqali atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadi, qayta ishlash, energiyani tejash, toza muhitni saqlash kabi faoliyatlarda faol qatnashadi hamda hayotining ajralmas qismiga aylanadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham ekologik ta’limga katta e’tibor qaratilmoqda. Maktab va oliy o‘quv yurtlarida ekologik fanlar ta’lim tizimiga joriy etilgan. Milliy kadrlar bazasida ekologiya sohasida mutaxassislar yetishtirish borasida uzluksiz kadrlar siyosati ham yo‘lga qo‘yib borilmoqda. Shu bilan birgalikda davlat siyosati darajasida "yashil iqtisodiyot", "ekologik madaniyat", "qayta tiklanadigan energiya manbalari" kabi muhim strategiyalar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, ko‘plab nodavlat notijorat tashkilotlar va faollar tomonidan aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishga oid ma’rifiy ishlarni olib borish, hasharlar, ko‘chat ekish aksiyalari, turli loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, bugungi kunda nafaqat birgina davlat, balki dunyo hamjamiyatida ham har qancha sa’y-harakatlarga qaramasdan, ekologik muammolar hamon dolzarbligini yo‘qotmagan. Atrof-muhitning ifloslanishi, suv resurslarining kamayishi, cho‘llanish, atmosferaga zararli moddalar chiqarilishining ko‘payishi kabi muammolar haligacha mavjud. Bu muammolarni bartaraf etish uchun nafaqat davlat, balki jamiyatning har bir a’zosi faol qatnashishi lozim.
15 aprel — Ekologik bilimlar kuni nafaqat ekologik ma’lumotlar olish, balki amaliy harakat qilish kuni hamdir. Ekologik ta’limni kuchaytirish, o‘sib kelayotgan avlodda tabiatga nisbatan hurmat va mas’uliyat hissini shakllantirish kelajak uchun qo‘yilgan muhim qadamdir. Agar har bir inson o‘zini tabiatning ajralmas qismi deb bilsa, kelajak avlodlarga toza muhit, sog‘lom hayot qoldirish imkoniyati ortadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA