Bugun mamlakatimizning aksariyat hududlarida oppoq qor yog‘moqda. Qorli manzaralar qalbga iliqlik ulashib, inson xotirasida unutilmas onlarni muhrlaydi. Ammo bu go‘zallik ortida katta mas’uliyat ham mujassam. Ayniqsa, qorli kunlar energetiklar uchun chinakam sinov davridir. Chunki uylarimiz yorug‘ va issiq bo‘lishi, hayot tartibining uzluksiz davom etishi aynan shu kasb egalari mehnatiga bog‘liq.
Ayni damda soha vakillari mamlakatning turli hududlarida, jumladan, tog‘li va chekka hududlarda qor kechib, elektr tarmoqlari hamda qurilmalarining barqaror ishlashini ta’minlamoqda. Ayrim energetiklar esa elektr stansiyalaridagi issiq muhitda elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonlarini uzluksiz nazorat qilmoqda. Qanday sharoit bo‘lishidan qat’i nazar, ular uchun bu kasb sevimli, sharafli va yuksak mas’uliyat talab etuvchi mehnat hisoblanadi.
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, soha jamoasi bu kunlarda har bir daqiqani nazoratdan qoldirmasdan, kechayu kunduz xalq xizmatida fidoyilik bilan mehnat qilmoqda. Barcha kuch va vositalar elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmasligi, aholi va iqtisodiyot tarmoqlari barqaror energiya bilan ta’minlanishiga safarbar etilgan.
Tabiat sinovlari sharoitida energetiklarning bunday jonkuyar mehnati har bir xonadonda yorug‘lik va issiqlik barqarorligini ta’minlab, jamiyat hayotida ularning o‘rni naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
– Shu o‘rinda, tizimdagi bir kunlik ko‘rsatkichlar tahliliga e’tibor qarataylik, – dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova. – Kecha, 27 yanvar kuni elektr stansiyalari orqali jami 269,4 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Respublika iste’molchilariga 246,5 million kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Tabiiy gaz iste’moli 145,7 million metr kubni tashkil qildi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga maxsus texnikalar va jamoat transportlari uchun 2,2 million metr kub tabiiy gaz yetkazib berildi.
2 ming 300 tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi. Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga 2 ming 300 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Hududlardagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida 6,3 ming tonna suyultirilgan gaz zaxirasi yaratilgan.
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi ham aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 27 yanvar kuni birja savdolariga jami 12 ming 949 tonna avtobenzin va 20 ming 507 tonna dizel yonilg‘isi chiqarilib, shundan 5 ming 711 tonna benzin va 5 ming 570 tonna dizel yonilg‘isi sotilgan.
Shuningdek, birja savdolariga 2 ming 70 tonna suyultirilgan gaz chiqarilgan va 2 ming 10 tonna hajmda sotilgan.
Kecha elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 11 ta, gaz ta’minotida esa 1 ta nosozlik avariya brigadalari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Tizimda 24/7 rejimida kuchaytirilgan tartibda ish olib borilmoqda.
Elektr va gaz ta’minoti korxonalarida jami 1 ming 479 ta maxsus brigada tashkil etilgan, ushbu brigadalar tarkibida 7 ming 596 nafar ishchi-xodim joylarda kechayu kunduz faoliyat yuritib bormoqda.
Bu raqamlar xulosasi shuki, qorli va murakkab ob-havo sharoitiga qaramasdan, energetika sohasi xodimlarining kechayu kunduz olib borayotgan fidoyi mehnati tufayli mamlakatda elektr ta’minoti barqaror saqlanmoqda. Tabiat sinovlari davrida tizimning ishonchli ishlashi, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz energiya bilan ta’minlanishi aynan energetiklarning mas’uliyati, kasbiga sadoqati va yuksak malakasi bilan chambarchas bog‘liq.
N.Ziyodullayeva, O‘zA