Bugungi kunda dunyoda tabiiy mahsulotlarga, ayniqsa, dorivor o‘simliklarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortayotgani kuzatilmoqda. Bu nafaqat an’anaviy tabobat, balki farmatsevtika sanoatida ham keng qo‘llanilayotgan tendensiya hisoblanadi.
Dorivor o‘simliklar – tabiat tomonidan insonga in’om etilgan qimmatli resurslardan biri bo‘lib, ularni yetishtirish, qayta ishlash va shifobaxsh mahsulotlar tayyorlash yo‘nalishida ko‘plab davlatlar katta yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlar dorivor o‘simliklar yetishtirish va eksport qilish bo‘yicha yetakchilar qatorida sanaladi.
Masalan, Xitoyda an’anaviy tibbiyot yo‘nalishi davlat siyosatining ajralmas qismiga aylangan. Hindistonda esa Ayurveda tizimi doirasida minglab turdagi dorivor o‘simliklar yetishtirilib, dunyo bo‘ylab eksport qilinadi. Yevropa mamlakatlarida ham organik va ekologik sof dori-darmonga talab yuqori bo‘lib, Germaniya, Fransiya, Bolgariya kabi davlatlar bu sohani raqobatbardosh tarmoqqa aylantirgan.

O‘zbekiston ham bu borada katta salohiyatga ega mamlakat bo‘lib, so‘ngi yillarda ushbu sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan 2022 yil 5 maydagi “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror muhim dasturilamal bo‘layotir.
Ayni paytda O‘zbekistonda 750 turdagi dorivor o‘simliklar mavjud, shundan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan. Amalda esa 70 turi tibbiyot va farmatsevtika sanoatida qo‘llanilmoqda.
Mamlakatimizdagi mavjud iqlim, tuproq va geografik sharoit turli xil dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Hozirgi kunda respublikamizda qishloq xo‘jaligi yerlarida – 21 689 gektar, o‘rmon fondi yerlarida – 5 280 gektar, jami 26 969 gektar maydonda dorivor o‘simliklar yetishtirilmoqda. Bu maydonlarda jami 30 ming 433 tonna dorivor o‘simlik xomashyosini yetishtirish ko‘zda tutilgan. E’tiborlisi, bu hajm yildan yilga ortib bormoqda.
Sohani rivojlantirishda “BBU-Azamat” tajribasi alohida e’tirofga loyiq. Uning asosiy g‘oyasi – aholi tomorqalaridan foydalangan holda dorivor o‘simliklar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, ya’ni kooperatsiya asosida aholini band qilish va daromad manbaini kengaytirishdir. 2025 yilda ushbu tajriba Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida amaliyotga joriy qilindi va 1200 ta xonadonda “Gulhayri” dorivor o‘simligi yetishtirilmoqda. Bugungi kunga kelib ushbu model asosida 20 turdagi dorivor o‘simliklar (Gulhayri, Bo‘tako‘z, Qizilmiya, Valeriyana va boshqalar) yetishtirilmoqda.

Bu tajriba aholini nafaqat daromad bilan ta’minlamoqda, balki ichki bozor uchun zarur dorivor xomashyoni mahalliy manba hisobidan qoplash imkonini ham yaratmoqda. Boshqa hududlardagi loyihalar “BBU-Azamat” tajribasi boshqa viloyatlarda ham tatbiq etish uchun o‘rganilmoqda. Ayniqsa, Surxondaryo, Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yirik ko‘lamda dorivor o‘simliklar plantatsiyalari yaratish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilgan. Har bir hududda iqlim sharoitlariga mos keluvchi o‘simliklar tanlanmoqda.
2024 yil yakuniga ko‘ra, mamlakatda yetishtirilgan dorivor o‘simliklar xomashyosidan umumiy hisobda 56,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va boshqa mamlakatlar O‘zbekistonning dorivor o‘simliklariga talab bildirmoqda.
Ichki bozorda esa mazkur xomashyo asosida dorivor vositalar ishlab chiqarish, tabiiy komponentlardan tayyorlangan kosmetik vositalar va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish faol rivojlanmoqda. Shuningdek, an’anaviy xalq tabobatida ham keng foydalanilmoqda.
Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekistonda dorivor o‘simliklar yetishtirish nafaqat shifobaxsh, balki iqtisodiy jihatdan samarali yo‘nalish. Eng muhimi, bu jarayonda aholining faol ishtirok etishi qishloq xo‘jaligining diversifikatsiyasi va barqaror rivojiga hissa qo‘shadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA