Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiat resurslaridan ayovsiz foydalanish biologik xilma-xillikni yo‘qotish xavfini oshiradi
14:05 / 2025-05-23

Xalqaro bioxilma-xillik kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1995 yil Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaga a’zo tomonlarning anjumani tavsiyalari asosida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasi ham o‘zining barqaror rivojlanishi uchun bioxilma-xillik resurslari muhimligini tan olgan holda 1995 yilda ushbu xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan.

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida Xalqaro bioxilma-xillik kuni munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. 

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan "Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar rejasini yangilash hamda 7-milliy hisobotni tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks dastur" loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur loyiha Global ekologik fond tomonidan moliyalashtiriladi.

Tadbir ishtirokchilari loyiha doirasida erishilgan asosiy natijalar va faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishdi. Loyiha milliy ekologik siyosatni  "Kunming-Monreal" global bioxilma-xillikni saqlash dasturi maqsadlariga moslashtirishga qaratilgan. Taqdimot davomida O‘zbekiston yangi global yo‘nalishlarni milliy rejalashtirishga qanday integratsiya qilayotgani, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning imkoniyatlarini kuchaytirayotgani va tabiatni asrash sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirayotgani haqida ma’lumot berildi.

Tadbir davomida loyiha menejeri Sergey Zagrebin biologik xilma-xillikning qisqarishi asosan insoniyat omili natijasi bo‘lib, uning qisqarishi iqtisodiy rivojlanishga jiddiy xavfni yuzaga keltirishi mumkinligini qayd etdi.

– Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda bioxilma-xillik bo‘yicha konvensiyaning 7-milliy hisobotini tayyorlash hamda milliy maqsadlarga muvofiq, Harakatlar rejasining yangi strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etyapmiz, – deydi Sergey Zagrebin. – Bu hamkorlik juda samarali kechmoqda. Hozirda boshqaruv darajasidan tabiiy hududlarda — qo‘riqxonalar, o‘rmon xo‘jaliklaridagi faoliyatgacha barcha bosqichlarda yordam ko‘rsatilmoqda.

Tadbir yakunida talabalar o‘rtasida biologik xilma-xillik mavzusidagi qiziqarli viktorina tashkil etildi. O‘yin interaktiv shaklda o‘tdi va ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Viktorinada g‘olib bo‘lganlarga sovg‘alar topshirildi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA