Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiat oldidagi vazifa va mas’uliyat — konstitutsiyaviy huquq
14:42 / 2025-12-09

Poytaxtimiz va bir qator hududlarda atmosfera havosining ifloslanish holati yuzaga kelgani har birimizga toza atrof-muhitning qadr-qiymatini yana bir karra namoyon qilib qo‘ydi. Yon-atrofimizdagi ekologik muammolarga bee’tibor bo‘lmaslikni, tabiat va yashillikni asrash zarurligini yodimizga soldi.

Darhaqiqat, bugungi kunda turli ko‘rinishdagi ekologik muammolarning inson salomatligiga xavf-xatari ortib bormoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, yangilangan Konstitutsiyamizda ilk bor har bir shaxsning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqi kafolatlab qo‘yildi.  

— Atrof-muhitni muhofaza qilishda turli yo‘l va usullar qo‘llaniladi, lekin ular ichida eng muhim vosita huquqiy muhofaza hisoblanadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Sapargul Utemuratova. — Barqaror rivojlanish va tabiatni asrash uchun asosiy poydevor aynan huquqiy mexanizm. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiyamizning o‘rni beqiyos. U nafaqat davlatning bosh qonuni, balki fuqarolarning sog‘lom va xavfsiz muhitda yashash huquqini kafolatlovchi asosiy hujjatdir. 2023 yilda umumxalq referendumi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor har bir shaxsning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqi hamda uning holati to‘g‘risida ishonchli axborot olish huquqi aniq belgilab qo‘yildi. Jumladan, 49-moddaga ko‘ra: «Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.» 

Shuningdek, Konstitutsiyada yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik ekani, ulardan faqat oqilona foydalanilishi lozimligi qat’iy belgilangan. Tabiat — bizning eng qimmatli boyligimiz va kelajak avlod uchun meros hisoblanadi. Shu bois ham atrof-muhitga zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mulkdan foydalanishda ham, shaxsiy huquqlarni amalga oshirishda ham boshqalarning huquq va manfaatlariga zarar yetkazmaslik talab etiladi, — deydi deputat.

Darhaqiqat, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash davlatning zimmasida ekani konstitutsiyaviy norma bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Buning amaldagi ijrosini Prezident tomonidan tegishli farmon qabul qilingani va shu asosda maxsus komissiya tuzilgan holda butun hukumat doirasida izchil ishlar amalga oshirilayoti misolida ko‘rishimiz mumkin.  

O‘z navbatida, biz fuqarolarning ham tabiatni, tabiiy boyliklarni asrash, kelajak avlod uchun sog‘lom muhit qoldirish borasidagi vazifa va burchlarimiz borligini ham unutmasligimiz lozim. Xususan, Konstitutsiyamizning 62-moddasiga ko‘ra, fuqarolar zimmasiga atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati yuklangan. Bu esa atrof-muhitni asrashga har birimiz mas’ul va burchli ekanimizni, jamiyatda ekologik madaniyatni oshirish zarurligini anglatadi.  

Bir so‘z bilan aytganda, Bosh qomusimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolarning tabiat oldidagi vazifalari, mas’uliyati kabilarga alohida e’tibor qaratilgani ekologik xavfsizlikni ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Atrof-muhitga nisbatan mas’uliyatli va ehtiyotkorona munosabat musaffo atmosfera va xavfsiz ekologik muhitni ta’minlashga zamin bo‘ladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA