Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabiat – bolalar nigohida
13:51 / 2022-06-05

5 iyun – Butunjahon artof-muhit kunining 50 yiligi munosabati bilan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida “Tabiat — bolalar nigohida” shiori ostida bayram tadbiri uyushtirildi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar tashkiloti hamda Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muxitni muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda deputatlar, markaz tarbiyachi hamda tarbiyalanuvchilari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi faollari, talabalar va OAV xodimlari ishtirok etdi.  

Tantanali marosimda so‘z olganlar mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganligi, xususan, sohaning mustahkam huquqiy bazasi yaratilganligini, dunyoning qariyb barcha davlatlarida keng nishonlanadigan Butunjahon atrof-muhit kunining ekologik muammolar tobora globallashib borayotgan bugungi kundagi ahamiyati nechog‘lik muhimligini alohida qayd etdilar.

Ta’kidlanganidek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, hozirgi va kelgusi avlodlar uchun beg‘ubor tabiiy muhitni saqlab qolish, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish muammolarini bosqichma-bosqich va izchil hal etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.  

Ishtirokchilar Yer yuzining biror bir joyida O‘zbekistonda bo‘lganidek to‘rt faslni bir vaqtning o‘zida yonma-yon uchratish qiyinligi, sehrli o‘lkamizning tabiatiga maftun bo‘lib boqishning o‘zi kifoya emasligi, bu boylikni asrab-avaylash lozimligi haqida to‘xtaldilar. Parlament a’zolari va jamoat tashkilotlari vakillari sohadagi qonunchilikni takomillashtirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotganligi, o‘sib kelayotgan barkamol avlodning ekologik tarbiyasini kuchaytirish maqsadidagi ezgu ishlar yanada rivoj topayotganligi alohida e’tirof etildi.  



Shuningdek, 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasida Milliy maqsadlarga erishishga qaratilgan tizimli ishlar, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.  

Qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan ishlar natijasida atrof-muhit holatini yumshatish, tabiiy resurslarni kelgusi avlodlar uchun qoldirish imkoniyati yuzaga keladi, fauna olami turlarining ko‘payishi va tarqalishi uchun qulay ekotizim shakllanadi. Cho‘l o‘rmonlari maydonlarining va bioxilma-xillikning kengayiishi mintaqada iqlim o‘zgarishlarini yumshatishga sharoit yaratadi. Pirovard natijada nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqada ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham ekologik barqarorlik ta’minlanadi.   

Tadbir davomida bolajonlar ishtirokida “Atrof-muhitni qanday muhofaza qilish kerak?” shiori ostida rasmlar chizish, o‘z qo‘llari bilan xonaki gullarni ekish darslari, ular uchun ekologik interaktiv viktorina-o‘yinlari hamda ertak qahramonlari bilan chiqindilarni saralash bo‘yicha qiziqarli mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.  

Tadbir yakunida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faol ijod qilayotgan jurnalistlar, ekologik tadbirlarda faol qatnashayotgan ishtirokchilar, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda ushbu yo‘nalishda amaliy aksiyalar tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashilotlari vakillari hamda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazining rassom bolajonlari rag‘batlantirildi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA