Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabassum ortidagi xiyonat: Margaret Tetcherning siyosatdagi so‘nggi kuni
20:10 / 2025-11-20

1990 yilning noyabr tongi Buyuk Britaniya siyosiy tarixidagi eng dramatik sahnalardan biriga aylandi, deyish mumkin. 11 yildan ortiq vaqt davomida mamlakatni kuchli irodasi bilan boshqargan Margaret Tetcher – “Temir xonim” ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiya olgancha jurnalistlarga yuzlandi. Xonim o‘z nutqida mamlakatni “ancha yaxshilangan” holda tark etayotganini aytdi, biroq yuzidagi iztirob bu so‘zlarni inkor etayotgandek edi.

U o‘z faoliyatida yetarli qo‘llov to‘play olmagach, Konservatorlar partiyasi rahbarligidan ketishga majbur bo‘lgandi. Achinarli va og‘riqli jihati shundaki, unga qarshi turgan eng keskin kuch raqiblari emas, balki o‘z jamoasi bo‘ldi.

Tetcher Birlashgan Qirollikning ilk ayol bosh vaziri bo‘lib, uch bor ketma-ket g‘alaba qozongan kam sonli siyosatchilardan edi. U kasaba uyushmalaridan tortib eng kuchli vazirlar bilan ham mardonavor kurashdi. Shunga qaramay, 1987 yildagi uchinchi g‘alabadan so‘ng uning siyosiy taqdiri asta-sekin o‘zgarib borardi.

Eng katta “zarba”daromadidan qat’i nazar barcha fuqarolarga bir xil soliq solinadigan “Poll tax” tizimi ortidan keldi. 1990 yil martida London markazida sodir bo‘lgan mahalliy qo‘zg‘olonlar konservativ deputatlarni larzaga soldi, ammo Tetcherni halokat sari tortgan haqiqiy masala — Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar edi.

Tetcherning eng muloyim va vazmin hamkori Jefri Xauv kutilmaganda unga “hujum” qildi. 1989 yilgi siyosiy o‘zgarishdan so‘ng Xauv iste’foga chiqadi. Oradan vaqt o‘tib u parlamentda kriket sport turiga oid metafora orqali bosh vazirning Yevropa bo‘yicha siyosatini masxara qiladi. 

– O‘yin boshlanishidan avval kapitan o‘z jamoadoshlari tayoqlarini sindirib qo‘yganga o‘xshaydi, -deydi u o‘z nutqida.

Bu holat Tetcherga qilingan ochiq isyon edi.

“Temir xonim” bilan avvaldan ziddiyatda bo‘lgan Maykl Heseltayn vaziyatdan foydalanib, liderlik da’vosini qo‘yadi va partiyada yetakchilik poygasi boshlanadi. Birinchi bosqichda Tetcher g‘alaba qiladi, biroq bu yetarli emasdi, g‘alaba qat’iy bo‘lishi shart edi. 

Bosh vazir o‘z nufuzini kuchaytirish o‘rniga Parijdagi qandaydir diplomatik tadbirga borishi ko‘plab deputatlar uchun “biz unga endi muhim emasmiz” degan signal bo‘ladi.

Vazirlar uning bosh idorasiga navbatma-navbat kirib, o‘z qarashlarini ochiq aytadi.

– Agar istasangiz sizni qo‘llaymiz, ammo siz yuta olmaysiz, -dedi mulozimlardan biri qat’iy ohangda.

“Temir xonim”ning nihoyat singan “nuqtasi” shu bo‘ldi. U ertasi kuni kabinet yig‘ilishida ovozi titrab, lavozimdan ketishini ma’lum qildi. 

1990 yil 28 noyabr kuni Margaret Tetcher “10-Downing-Street” oldida chiqish qildi. Mamlakat bosh vaziri sifatida so‘nggi marta qirolicha bilan uchrashdi. 

Tetcher bu olamni tark etgan bo‘lsa-da, ammo uning siyosiy ta’siri Qirollik siyosatida hanuz seziladi. Xonimning o‘zi uchun esa siyosiy merosdan ham kuchliroq bo‘lgan tuyg‘u — bu xiyonatning achchiq ta’mi bo‘ldi.

Musulmon Ziyo tayyorladi,

O‘zA