2 iyul — O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganiga 33 yil to‘ldi.
Har bir davlatning bu dunyoda borligi, birligi, yagonaligi, o‘ziga xos va betakrorligi uning timsollarida, ayniqsa, gerbida namoyon bo‘ladi.
O‘z taqdirini, kelajagini, oilasi, farzandlarining ertangi kunini shu aziz Vatan bilan bog‘lagan har bir yurtdoshimiz uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi muqaddas va tabarruk ramz sanaladi.
Gerbimizda jonajon O‘zbekistonimizning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan belgilar, ramz va tasvirlar o‘z ifodasini topgan.
Vatanimiz gerbi benazir ko‘rinishi bilan har bir fuqaroning qalbida cheksiz g‘urur va iftixor uyg‘otadi. Unda tog‘lar, daryolar aks etgan. So‘l tomonidagi bug‘doy boshoqlari, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi.
Gerbning yuqori qismida O‘zbekiston Respublikasi hurligi ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining rangli ko‘rinishida Humo qushi va daryolar — kumush rangda; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi — oltin rangida; g‘o‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy — yashil rangda; chanoqlardagi paxta — oq rangda; lenta — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining ranglarini aks ettiruvchi uch xil rangda; sakkizburchak — oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havo rangda; yarim oy va yulduzlar oq rangda tasvirlangan.
Bu tasvirlar shunchaki musavvirning oddiy chizgilari emas, albatta. Ularda shonli va murakkab yo‘lni bosib o‘tgan tariximiz, betakror an’ana va qadriyatlarimiz, kelajakka intilgan, yangilanishlarga yuz tutgan xalqimizning orzu-umidlari, mehnatsevar, tanti, bag‘rikeng, mehridaryo yurtdoshlarimizning maqsad va muddaolari o‘z ifodasini topgan.
Belgilangan qonunchilikka ko‘ra, gerbimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, respublika davlat boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining va boshqa ko‘plab davlat idoralarining binolari peshtoqida o‘z aksini topgan.
Shu bilan birga, gerbimiz mamlakatimizning xorijdagi diplomatik korpuslari binolarida, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari, notariuslarning hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi notarial arxivlar, davlat chegaralari sarhad ustunlarida, rasmiy tashkilotlarning blankalarida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportida, identifikatsiyalovchi ID-kartasida va diplomatik pasportida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning identifikatsiyalovchi ID-kartalarida, fuqarolik holati dalolatnomalariga doir hujjatlarda, milliy pul banknotalarida aks ettirilgan.
Bugun butun dunyo aynan gerbimiz orqali yangilanishlar sari dadil intilayotgan jonajon O‘zbekistonimizni tanimoqda, tan olmoqda, erishayotgan yutuqlarimizni e’tirof etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tinchligimiz, osoyishtaligimiz, xavfsizligimiz, osuda tonglarimiz, musaffo osmonimiz, millatlar va diniy konfessiyalararo totuvligimiz, farovon hayotimiz, xalqimiz hamjihatligi, farzandlarimizning nurli kelajagi yorqin namunasidir. Ha, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi biz uchun tabarruk, e’zozli, betakror timsoldir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri