Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tabarruk maskanlarga barcha hurmat bilan munosabatda bo‘lishi shart
12:17 / 2025-04-19

O‘tgan yilgi Samarqandga amalga oshirilgan media-tur sira yodimdan chiqmaydi. Shahar tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan.

“Boqiy shahar” majmuasi bu azim kentning chin ma’noda umri boqiyligidan so‘zlaydi. Yangi-yangi muhtasham binolar, turar joylar shiddat bilan bo‘y cho‘zmoqda. Lekin shunday bo‘lsa-da, undagi qadimiy obida va yodgorliklar har qanday zamonaviy yechimdagi muhtasham majmuadan ko‘ra betakror va go‘zalroq edi.  

Salkam uch ming yillik Samarqanddagi Registon majmuasi barchaning hayrati va havasini keltiradi. Uning atrofida yuzlab chet ellik va mahalliy sayyohlar, nufuzli mehmonlar, oila qurish arafasidagi kelin-kuyovlar, “qadim shaharni bir ko‘rdim, endi armonim yo‘q”, deb duoga qo‘l ochayotgan nuroniylar bilan limmo-lim to‘la edi.  

Ba’zan tarixning og‘ir sinovlari, murakkab davrlarini boshidan kechirgan, ne-ne voqeliklarga guvoh bo‘lgan bu shaharning boshiga tushgan qora kunlarni o‘ylab iztirobga tushsak, uning keyingi yillarda mutlaqo tanib bo‘lmas darajada chiroy ochganidan, xushhavo iqlimi, do‘stona, samimiy, odamgarchilikka yo‘g‘rilgan ajib muhitidan shuncha entikamiz. Dunyoda minglab betakror shaharlar borligini bilsak-da, Samarqand o‘zining fayzu tarovati bilan yakkayu yagona ekaniga yana bir karra ishonch hosil qilamiz.  

Bu ta’rifga ojiz shaharning har bir go‘shasida tarix so‘zlaydi, har qadamda qo‘hna obida, qadimiy me’moriy yodgorlikka duch kelish hech gap emas. Uning havosi, iqlimi, xushmuomala, sertavoze’, mehmonnavoz odamlari o‘zgacha. Bu shaharda jajji bolakaydan to yoshi ulug‘ otaxonlargacha, hatto bozorlardagi sotuvchilarigacha ingliz tilida bemalol so‘zlashadilar. Imkon qadar mehmonlarning ko‘nglini olishga harakat qiladilar.    

Bu aziz va azim shaharda qancha me’moriy obida va ziyoratgohlar bor? Aniq raqam va statistikani aytsak, ehtimol yanglishish mumkindir. Lekin ularning aksariyati jahon sayyohlarining e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lgani aniq. 

Sayohat davomida ko‘plab mo‘’tabar maskanlar kabi “Shohi Zinda” majmuasini ham ziyorat qildik. U yerda odam juda ko‘p edi, deb ta’riflashning o‘zi kamlik qiladi. Tabarruk majmuaga sayyoh yog‘ilgan edi. Kimdir gidning suhbatini diqqat va hayrat bilan tinglaydi. Birov majmuaning muborak zinalari sanog‘ini olmoqchi bo‘ladi. Kimdir necha asrlar odamlarni hikmatga chorlayotgan qadimiy bitiklarning ma’no-mazmunini shu yerlik odamlardan so‘rab olishga oshiqadi.  

Bir payt sal nariroqda qaysidir qabr ustida yastanganicha suratga tushayotgan chet ellik mehmonga ko‘zimiz tushdi. Uni bu nomaqbul xatti-harakatidan qaytaradigan insonning o‘zi topilmasdi. Borib chet ellikka bu ishi axloqqa ham, dinimizga ham, zamonaviy sayyohlik talablariga ham zid ekanini tushuntiraylik, desak guruhda birontamiz chet tilini bilmaymiz...  

Gid yigitdan ajnabiy sayyohni bunday g‘ayri axloqiy xatti-harakatidan qaytarishni so‘radik. Gid sayyohga qo‘hna obidalarni ziyorat qilishning o‘z odobi va yo‘l-yo‘rig‘i bor ekanini tushuntirib, qabrlar ustiga chiqish hech qaysi dinga, hech qaysi normalarga va eng asosiysi, insoniylik me’yorlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini tushuntirdi.  

Xorijlik go‘yo osmondan tushgandek ajablanib, gid yigitning gaplarini tingladi. Qabrlarga, ziyoratgohlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, barchaning insoniy burchi ekani bir amallab zamonaviy chet ellikka tushuntirilgan bo‘ldi. Ajnabiy sayyoh o‘z xatti-harakatidan pushaymon ekanini bildirib, ziyoratgohdan uzoqlashdi. 

Sayyohlik rivojlansa, yurt yanada farovon bo‘lishini teran anglaymiz. Lekin, bu  sayyohlarning bizning muqaddas tuprog‘imiz, ajdodlarimiz so‘nggi makon topgan maskanlarga o‘ta behurmat munosabatda bo‘lishiga imkon ham, huquq ham bermasligi kerak.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri