Yayra Sa’dullayeva samimiyati, beg‘uborligini saqlab qolgan, uning ushbu fazilatlari satrlarida yaqqol namoyon bo‘ladigan ijodkor. O‘z davrida Yayra opa bosh-qosh bo‘lib chop etilgan «G‘uncha», «Gulxan» kabi jurnallar millionlab xonadonlarga kirib borib, yoshlar tarbiyasida, dunyoqarashining to‘g‘ri shakllanishida alohida o‘rin egallagan. Yayra opaning hikoyalari ko‘pchilikning eng beg‘ubor va yorqin lahzalari – bolalik yillarini yodga solib yuborishi aniq!
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, faxriy jurnalist Yayra Sa’dullayeva qutlug‘ 90 yoshni qarshi oldi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi mas’ullari ustoz jurnalist Yayra Sa’dullayeva xonadonida bo‘lib, ustozni tabrikladi.

Yayra Sa’dullayeva 1934 yil 18 sentyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1958 yilda O‘rta Osiyo Davlat universitetini ( hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomli O‘zbekiston Milliy universiteti) bitirgan.
Ilk mehnat faoliyatini «Yosh leninchi» gazetasida muxbir sifatida boshlab, so‘ngra bir qator mas’uliyatli lavozimlarda faoliyatini davom ettirgan. Xususan, 1959-1960 yillar Yoshlar Ittifoqi Markaziy qo‘mitasi matbuot kotibi, 1961-1963 yillar «Yosh leninchi» gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari, 1964-1972 yillar «Gulxan» jurnali bosh muharriri, so‘ngra 1997 yilgacha «G‘uncha» jurnali bosh muharriri lavozimlarida sidqidildan mehnat qildi.
Faoliyatining ahamiyatga molik yana bir jihati shuki, Yayra opa Yoshlar Ittifoqi yo‘llanmasi bilan Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda faol ishtirok etgan.
Yayra Sa’dullayevaning qissa, hikoya va badiiy lavhalardan tashkil topgan quyidagi kitoblari chop etilgan: «Hayotning bir varag‘i» (1967), «Ko‘zlari xumor» (1968), «Ona ko‘ngli» (1972), «Kelinchak» (1975), «Ayol qadri» (1976), «Tom boshida tog‘ora» (1975), «Yaltiroq halqacha» (1975), «Qog‘oz qush» (1979), «Baxtli bo‘ling» (1980), Zolotoye kolso» (1982, rus tilida ), «Oltin baxtim» (1984), «Bekinmachoq» (1987), «Chip-chipjon» (2004), «Katta hovli» (2005), «Ko‘cha to‘la bolalar» (2005). Ijodkorning «Hayotning bir varag‘i», «Ona ko‘ngli», «Kelinchak», «Tom boshida tog‘ora» kitoblari esa bir qancha mukofotlarga loyiq topilgan.

Faxriy jurnalist 1994 yil ll darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni, 2022 yil «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
Ustoz jurnalist uyushma mas’ullari bilan samimiy suhbat qurib, mehmonlar tashrifidan quvondi. G‘ayratu shijoati hali ham so‘nmagan qahramonimiz soha xususida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Yosh jurnalistlar, avvalo, o‘zining kasbini yaxshi ko‘rishi, mehr qo‘yishi kerak, – dedi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Yayra Sa’dullayeva. – Jurnalist xalq orasida yurib, doimiy izlanishda bo‘lishi lozim. Men o‘tgan yillarga boqsam, nurli yo‘lni ko‘raman, chunki kasbimga sadoqatli edim.
Suhbat yakunida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov ustozni qutlug‘ 90 yoshi bilan samimiy tabriklab, Yayra Sa’dullayevaga Uyushma sovg‘asini topshirdi.
N.Usmonova, O‘zA