Ta’limda xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida chet tillarni o‘qitishning ilg‘or tajribalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida chet tillarni o‘qitishning ilg‘or tajribalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.Tadbir O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va universitet huzuridagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi, Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori G‘.Rahimov, O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi raisi F.Rashidova va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar jahon andozalariga mos, har jihatdan komil, mustaqil fikrlaydigan, bir nechta xorijiy tillarda bemalol so‘zlasha oladigan avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘layotir. Joriy yilning 15-sentabridan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunida ham bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar belgilangan.
Mamlakatimizda zamonaviy o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yangi o‘quv standartlari, namunaviy dasturlar ishlab chiqilib, maktablar, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar uchun yangi avlod darsliklari yaratilmoqda. Yuzlab chet tili o‘qituvchilari yangi talablarga muvofiq qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘z bilim va tajribasini boyitmoqda.
Yoshlarning xorijiy mamlakatlarda bilimini mustahkamlash, pedagoglarning malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida ta’lim yo‘nalishida xalqaro hamkorlik faol yo‘lga qo‘yilgan.
Konferensiya ishtirokchilari sho‘balarga bo‘linib, chet tillarni o‘qitish nazariyasi va metodikasi bilan bog‘liq mavzularda ma’ruzalar tingladi. Unda mamlakatimizdagi chet tillari o‘qitiladigan oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, shuningdek, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa davlatlardan soha mutaxassislari ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashdi.
– O‘zbekistonda ta’lim jarayonida xorijiy tillarni o‘qitish tizimi yuqori saviyada tashkil etilgan, – deydi Xitoyning Xinjiang Agra universiteti o‘qituvchisi Masu Ling. – Sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor samarasida O‘zbekiston yoshlari bir nechta xorijiy tillarni, jumladan, xitoy tilini ham yaxshi o‘zlashtirmoqda. Ushbu konferensiya mahorat maktabi vazifasini o‘tab, hamkasblar o‘rtasida o‘zaro tajriba va fikr-mulohaza almashish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Konferensiya doirasida universitetda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Evropa tillari kuni” festivali bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari, xalqaro madaniyat markazlari vakillari, Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kolleji va akademik litseylarning chet tili o‘qituvchilari, talaba va o‘quvchilari ishtirok etdi.