Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim va taraqqiyot: Investitsiya dasturi samaralari
15:39 / 2017-10-24

Mamlakatimizda investitsiya dasturlari asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ijtimoiy sohalar, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini davr talabi asosida rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda investitsiya dasturlari asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ijtimoiy sohalar, yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini davr talabi asosida rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi dasturlar ijrosi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, yosh avlodning puxta bilim olishi, fan-texnika, san’at sirlarini chuqur egallashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratayotir.

Namangan viloyatida ham har yili manzilli ro‘yxat asosida Investitsiya dasturiga kiritilgan ta’lim dargohlari mukammal ta’mirlanib, moddiy-texnik bazasi har tomonlama mustahkamlanmoqda.

Viloyatda 682 umumta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2004-2016-yillarda 605 umumta’lim maktabida 186 milliard so‘mlikdan ziyod rekonstruksiya va qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu boradagi ishlar joriy yilda ham izchil davom ettirilayotir.

2017-yil Investitsiya dasturida viloyat xalq ta’limi tizimida jami 37 milliard 369 million so‘mlikdan ziyod loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Yangiqo‘rg‘on tumanida 216 o‘rinli yangi maktab binosi qurilishi, Namangan shahridagi 76-umumta’lim maktabi uchun 240 o‘rinli, Chortoq tumanidagi 3-umumta’lim maktabi uchun 360 o‘rinli o‘quv binosi qurilishi, shuningdek, 16 umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish va uchtasini mukammal ta’mirlash shular jumlasidandir. Hozirga qadar mazkur ob’ektlarda tender tanlovlari asosida ish boshlagan pudratchi qurilish-ta’mirlash korxonalari tomonidan bunyodkorlik ishlarining 95 foizi amalga oshirildi.

Namangan shahridagi 14-, 15-, 36-, 41-, 47-, 48- umumta’lim maktablari va 40-maktab-internati, shuningdek, Namangan, Mingbuloq, Norin, Chust, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on tumanlaridagi dasturga kiritilgan bir qator ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlanib, o‘quvchilar joriy o‘quv yilini yangilangan maktablarda boshladi.

– Maktabimizning sport zali, oshxonasi va faollar zali tubdan rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha sanitariya-gigiyena xonalari qurildi, – deydi Namangan shahridagi 15-umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari A.Jalilov. – Ayniqsa, zamonaviy dastgohlar bilan jihozlangan tikuvchilik, pazandachilik o‘quv xonalari tashkil qilingani ota-onalarga manzur bo‘lmoqda. Inson ong-tafakkuri o‘zgarishida tashqi muhit ta’siri muhim ahamiyatga ega. Bunday qulay sharoitlar o‘qituvchiga ham, o‘quvchiga ham o‘z mas’uliyatini chuqur anglatib, ta’lim samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda Namangan shahri, Uchqo‘rg‘on, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlaridagi bir qator umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Yosh avlod ta’lim-tarbiyasining poydevori hisoblangan maktabgacha ta’lim muassasalarini ham zamon talablariga mos rivojlantirib borish alohida ahamiyatga ega. Joriy yilda viloyat bo‘yicha Investitsiya dasturiga kiritilgan 27 maktabgacha ta’lim muassasasida rejalashtirilgan rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlarining 85 foizi bajarildi.

Investitsiya dasturi doirasida viloyatdagi ta’lim muassasalari barcha zarur jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Joriy yilda dastur asosida ta’mirlanayotgan 20, qayta jihozlanayotgan 28 ta’lim muassasasi 3 milliard 868 million so‘mlikdan ziyod zamonaviy mebel, o‘quv-laboratoriya asboblari va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan. Maktabgacha ta’lim muassasalarini jihozlash ishlariga 2 milliard 800 million so‘m mablag‘ sarflangan.