Ta’lim va fan vazirining sobiq o‘rinbosarini hibsga olish bo‘yicha sanksiya berildi
Tergov sudi Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirining sobiq o‘rinbosari Elmira Suxanberdievani ikki oy muddatga hibsga olish borasida sanksiya berdi, deya xabar beradi poytaxt sud matbuot xizmati.
Tergov sudi Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirining sobiq o‘rinbosari Elmira Suxanberdievani ikki oy muddatga hibsga olish borasida sanksiya berdi, deya xabar beradi poytaxt sud matbuot xizmati.
“Ixtisoslashtirilgan tumanlararo tergov sudi ehtiyot chorasi sifatida gumondor Suxanberdieva Elmirani 2 avgustga qadar hibsda ushlab turish borasida sanksiya berdi”, – dedi poytaxt sudi matbuot xizmati jurnalistlarga.
5 iyun, chorshanba kuni mamlakat aksilkorrupsiya xizmati bayonot berib, vazirning sobiq o‘rinbosariga nisbatan jinoiy ish ochilganini ma’lum qildi. Muassasa gumondorning ism-sharifini va tergov detallarini oydinlashtirmadi.
O‘tgan oyda aksilkorrupsiya xizmati Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirligi huzuridagi Milliy test markazi rahbari Ramazon Alimqulovga nisbatan tergov ishlari olib borayotganini ma’lum qilgan edi.
47 yoshli Elmira Suxanberdieva 2016 yil aprelida vazir o‘rinbosari etib tayinlangunga qadar uzoq yillar mobaynida poytaxt ta’lim boshqarmasiga rahbarlik qilgan. 2007 – 2009 yillarda u “Kazaxstan” teleradiokorporatsiyasida rahbarlik lavozimlarida ishladi. 2017 yil avgustda iste’foga chiqqanidan so‘ng yana vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev may oyida “davlat idoralarining rahbarlari o‘z qo‘l ostidagi xodimlar korrupsiya ishiga aralashib qolgudek bo‘lgan taqdirda iste’foga chiqishlari kerak”ligi borasida fikr bildirgan edi. U buni “majburiy chora” deya atadi va “o‘rta muddatli davrda hukumatning korrupsiyaga qarshi kurash yo‘li” deya ta’rifladi.
Transparency International xalqaro kuzatuv tashkiloti tomonidan tuzilgan Korrupsiya tushunchasi indeksi (CPI)da uzoq yillar mobaynida Qozog‘iston o‘ta korrupsiyalashgan mamlakat sifatida talqin qilingan.