Ta’lim uzluksizligini ta’minlash – muhim mezon
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash – soha taraqqiyotining muhim mezoni mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash – soha taraqqiyotining muhim mezoni mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2012-yil 28-maydagi «Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur konferensiyada davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.
Yoshlarni ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda o‘qitish, ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish dolzarb vazifadir. Ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar uzviyligi va bosqichma-bosqichligi bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayon umumiy o‘rta ta’lim maktabidan so‘ng o‘quvchilar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bilan to‘la qamrab olinishida namoyon bo‘layotir. Shu bois barcha ta’lim muassasalari bugungi talablarga javob beradigan zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, komputer texnikasi, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar bilan jihozlanmoqda.
Anjumanda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va sohaga taalluqli boshqa qonun hujjatlarini amalga oshirish jarayonida mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash, ta’limning barcha bo‘g‘inlarida yangi ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etishga ustuvor ahamiyat berilayotgani ta’kidlandi.
– Mamlakatimizda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga qodir salohiyatli kadrlar tayyorlash uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi universitet prorektori Ikrom Ahmedov. – Uzluksiz ta’limning tizimli yo‘lga qo‘yilgani har bir yigit-qiz o‘ziga mos kasb-hunar egallashi, iste’dodini to‘la ro‘yobga chiqarishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda ta’lim maskanlarida tarbiyaviy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirish, pedagoglarning kasb malaka va mahoratini oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.