Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taʼlim-tarbiyaga barcha daxldor
18:14 / 2020-11-02

Har bir ota-ona farzandi bilimli, maʼrifatli, oʻz kasbini puxta egallagan shaxs sifatida kamolga yetishini orzu qiladi.

Farmon loyihasi muhokamada

Har bir ota-ona farzandi bilimli, maʼrifatli, oʻz kasbini puxta egallagan shaxs sifatida kamolga yetishini orzu qiladi. 

Uning baxtu-saodatini oʻqish, izlanish, oʻzi tanlagan sohaning bilimdoni boʻlishda koʻradi. Bu esa taʼlim-tarbiya jarayoni bilan bevosita bogʻliqdir.

Keyingi paytlarda mamlakatimizda ilgari surilayotgan ezgu tashabbuslar zanjir halqasidek bir-biriga ulanib ketgan, oʻzaro bogʻliq, birini boshqasidan ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Qatagʻon qurbonlari merosini chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirish, buyuk shoir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash, mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari bilan bogʻliq hujjatlar qabul qilindi. Negaki, ilm-maʼrifatdan, taʼlim-tarbiyadan yuz burgan mamlakat yorugʻlik, taraqqiyot, farovonlik koʻrmasligini tarix koʻp marta isbotlagan.

Maʼrifiy yangilanish jarayonlarida barcha – oddiy odamlar, turli soha vakillari, ijodkor ziyolilar, akademik doiralar, olimu ulamolar, keng jamoatchilik faol ishtirok etishi uchun imkoniyatlar eshigi keng ochildi.

Bu jihatlar Prezidentimizning “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi xalqimiz muhokamasiga qoʻyilganida ham yaqqol namoyon boʻlayapti. Bugun hayot shiddat bilan oʻzgarmoqda. Demakki, taʼlim tizimi ham tub ijobiy oʻzgarishlarni talab etmoqda. Loyihada aks etganidek, taʼlim islohotlari, eng avvalo, oʻqituvchiga boʻlgan eʼzoz va eʼtibor bilan vobasta. Ayni damda islohotlar pedagogning kasbga masʼuliyat bilan yondashishi, fidoyiligiga bogʻliq.

Oʻzimiz ham bola boʻlganmiz. Qaysidir oʻqituvchi jon-jahdi bilan dars berib, mavzuni oʻquvchi miyasiga quyib qoʻysa, kimdir nomigagina darslikdagi soʻzlarni quruqqina takrorlash bilan, saboqni oʻta zerikarli oʻtib kifoyalanadi. Boz ustiga baʼzan jurnal toʻldirishu daftar tekshirishni ham husnixatli, aʼlochi yuqori sinf qizlariga yuklashdan tap tortmaydi. Qizlar ham azbaroyi oʻqituvchilik sharafi sabab qiziqib daftar tekshirishga tushib ketadi.

Hech kuzatganmisiz, bolalarning koʻpchiligi boshlangʻich sinfda oʻqishga katta qiziqish va ishtiyoq bilan yondashadi. Mudom “aʼlo” va “yaxshi” baholarga oʻqish maqsadida tirishib, tirmashib bilim oladi. Kundalik yo daftarga dumi gajakli baho tushgudek boʻlsa, uvvos tortib yigʻlab, uni astoydil beshga oʻzgartirishga intiladi. Afsuski, koʻpgina bolalarda yuqori sinfga chiqqan sari bilim olishga boʻlgan qiziqish soʻnib borishi ham bor gap.

Ilgʻor texnologiyalar, turli “maftunkor” texnik vositalar koʻpayib borayotgan hozirgi kunda bu muammo tobora yaqqolroq koʻzga tashlanmoqda. Ehtimol, psixologlar, pedagogika sohasida izlanayotgan olimlar bu muammoga yechim topar. Lekin men buni koʻproq oʻqituvchi masʼuliyati bilan bogʻlagan boʻlardim. Shu bois loyihada koʻzda tutilganidek, oʻqituvchi kasbiy malakasini oshirishga davr talabidan kelib chiqqan holda yondashishi, bu jarayonga uning butun faoliyati davomida jiddiy eʼtibor qaratishi alohida tilga olingan.

Bugun jamiyatdagi illatlar, kemtikliklar baralla aytilyapti. Axir ularning ham ildizi bilimi pastlik, savod-saviyaning haminqadarligi, yana ham toʻgʻrirogʻi, taqchilligida, maʼnaviyat, tarbiyaning kemtikligida emasmi!?

Yurtimiz maʼrifiy hayotini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan farmon loyihasi bugun keng jamoatchilik, butun xalqimiz eʼtiborida. Demakki, taʼlim-tarbiya, bilim-maʼrifatga, ertangi kunning qanday boʻlishiga barcha daxldor va masʼul.