Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida “Xalqaro hamkorlik, zamonaviy ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishi” mavzuida onlayn-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz va Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida “Xalqaro hamkorlik, zamonaviy ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishi” mavzuida onlayn-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz va Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, talabalar ishtirok etdi.O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari B.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida oliy ta’lim tizimini izchil rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning kasb darajasi va malakasini oshirish, ularni xalqaro andozalarga muvofiq qayta tayyorlash, bu borada samarali mexanizmni shakllantirish va amaliyotga tatbiq etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 12-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini yanada oshirishga xizmat qilayotir.
Britaniya kengashining mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur onlayn-trening oliy ta’lim va undan keyingi ta’lim samaradorligini yanada yuksaltirish, oliy malakali pedagog kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlashda xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganishga bag‘ishlandi.
Mamlakatimizda bu yo‘nalishda oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursi o‘quv rejasining namunaviy tuzilmasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, malaka oshirish jarayonida oliy ta’limning me’yoriy-huquqiy asoslari, ilg‘or ta’lim texnologiyalari va pedagogik mahorat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayonida qo‘llash, xorijiy til kursi, tizimli tahlil va qarorlar qabul qilish asoslari, maxsus fanlar, pedagogik amaliyot, malakaviy attestatsiya kabi yo‘nalishlarga asosiy e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, zamonaviy ta’lim va innovatsiya texnologiyalari, ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etgan holda oliy o‘quv yurtlarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari, dastur va uslublari tubdan yangilanadi.
Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan dasturlar, xususan, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yoshlarning zamonaviy bilim olishi, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi, iqtidorini to‘la namoyon etishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. O‘zbekiston yoshlarining jahon standartlari asosida tahsil olishi yo‘lida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, mamlakatimizda dunyodagi ko‘plab nufuzli universitetlarning filiallari tashkil etilib, muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
– O‘zbekistonda ta’limning barcha bosqichini yuksak darajada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotir, – dedi Bat universiteti professori Ian Krouford (Buyuk Britaniya). – Mazkur tadbir xalqaro standartlarga mos ta’lim sifatini ta’minlash uchun oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashish imkonini berdi.
Anjumanda sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy o‘quv dasturlari asosida oliy ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan xalqaro darajadagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Kadrlar tayyorlash yo‘nalishida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, sohada tajriba va axborot almashuvini yanada faollashtirishga kelishib olindi.
Shu kuni Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari vakillari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ham uchrashuv o‘tkazdi.