Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim sohasida xalqaro integratsiyalashuv
13:47 / 2014-12-01

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida yangi “Erazmus Plyus” xalqaro ta’lim dasturining axborot kuni bo‘lib o‘tdi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida yangi “Erazmus Plyus” xalqaro ta’lim dasturining axborot kuni bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Unda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, vazirlik va idoralari vakillari, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik missiyalar xodimlari ishtirok etdi.

Evropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Yu.Shterk, Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Sh.Sharipov Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak natijalar berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi mustaqil fikrlaydigan barkamol avlodni tarbiyalash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Oliy ta’lim sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan samarali xalqaro hamkorlik milliy ta’lim modeli yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilganining yana bir tasdig‘idir. Bakalavr va magistrlar o‘z bilimini nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy ta’lim muassasalarida ham oshirish imkoniyatiga ega. O‘qituvchilar esa chet ellik hamkasblari bilan hamkorlikda zamonaviy axborot va pedagogika texnologiyalarini puxta o‘rganmoqda.

Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari “Tempus” va “Erazmus Mundus” xalqaro ta’lim dasturlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Tadbir tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, 2014-2020-yillarga mo‘ljallangan “Erazmus Plyus” dasturida ham oliy ta’lim muassasalarining ishtiroki yanada samarali bo‘ladi.

“Erazmus Plyus” Yevropa Ittifoqining ta’lim, kasb-hunar ta’limi va sport sohasidagi dasturi bo‘lib, u turli mamlakatlar talabalariga Yevropa oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish, universitetlar o‘qituvchilariga esa o‘z malakasini oshirish imkonini beradi.

– Universitetimiz Farg‘ona viloyatidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilarining malakasini oshirish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish bo‘yicha ikki loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi, – deydi Farg‘ona davlat universiteti xalqaro bo‘lim boshlig‘i Hilola Sattorova. – Ayni paytda Yevropa oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash ustida ishlamoqdamiz. Bu bakalavr va magistrlar almashish, o‘qituvchilar malakasini oshirishga doir loyihani joriy etish imkonini beradi.

Ishtirokchilarga “Erazmus Plyus” dasturi va mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari uchun xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.