Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim olish huquqi kafolatlanadi
15:11 / 2017-10-18

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda voyaga yetmaganlar bo‘yicha idoralararo respublika komissiyasi bilan hamkorlikda “Ta’lim olish huquqini kafolatlash mexanizmlarini takomillashtirish” mavzuida tashkil etilgan davra suhbatida ta’lim olishning huquqiy kafolatlariga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

“Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Maktab ishlari davlat nazoratidadir”.

(O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 41-modda).

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda voyaga yetmaganlar bo‘yicha idoralararo respublika komissiyasi bilan hamkorlikda “Ta’lim olish huquqini kafolatlash mexanizmlarini takomillashtirish” mavzuida tashkil etilgan davra suhbatida ta’lim olishning huquqiy kafolatlariga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Unda qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta’lim sohasida 11 yillik ta’lim tizimi joriy etildi. Kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirishning yangi mexanizmlari ishlab chiqilayotir. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, ta’limda davlat sektori bilan bir qatorda xususiy sektorning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarning yaratilayotganligi yosh avlodning puxta va sifatli bilim olishi yo‘lidagi eng to‘g‘ri qaror bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarning ta’lim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengaytiradi. Zero, Bosh qomusimizda har kimning bilim olish huquqiga ega ekanligi, bepul umumiy ta’lim olishi davlat tomonidan kafolatlangani belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, yoshlarning ta’lim olish kafolatlari Oila kodeksi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Davra suhbatida O‘zbekistonda fuqarolarning ta’lim olish huquqining ta’minlanayotganligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining qator tuzilmalari tomonidan e’tirof etilgani ta’kidlandi. Deputatlarning joylarda xaqiqiy holatni o‘rganish yuzasidan olib borayotgan faoliyati davomida yoshlarning ta’lim olish huquqining ta’minlanishi yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani qayd etildi.

– Ayrim ota-onalar tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga qonuniy majburiyatlarini bajarmaslik holatlari mavjudligi barchani tashvishga solmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Jamoliddinova. – Birgina Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarining holati o‘rganilganda 500 dan ortiq o‘quvchi umuman darslarga qatnashmayotgani aniqlandi. Shu bois qonun hujjatlarida ota-onalar javobgarligini kuchaytiruvchi choralar belgilanishi va ushbu masala keng jamoatchilik va mutaxassislar, tegishli davlat idoralari, mahalliy kengash deputatlari bilan birgalikda muhokama qilinishi maqsadga muvofiq.

Tadbirda ta’kidlanganidek, joylarda voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari tomonidan olib borilgan monitoring natijasiga ko‘ra, 2014-2016 yillar davomida 50 mingga yaqin ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi o‘z majburiyatlarini bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Voyaga yetmaganlarning nazoratsiz va qarovsiz qolishlari natijasida esa, ularning 32 ming 968 nafari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik, 6 ming 850 nafari tomonidan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

O‘tkazilayotgan profilaktik chora-tadbirlar hamda javobgarlikka tortish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar o‘zining kutilgan natijasini bermayotganligi ta’kidlandi.

Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash, ota-onalarning farzandlari oldidagi majburiyatlarini yanada oshirishda parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining rolini oshirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbirda ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.