Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taʼlim muhokamasi: bitiruvchi oʻquvchilarni onlayn darslar qoniqtiryaptimi?
12:19 / 2020-04-20

Umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari uchun teledarslar, masofaviy taʼlim boshlanganiga ham yaqinda bir oy boʻladi.


Umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari uchun teledarslar, masofaviy taʼlim boshlanganiga ham yaqinda bir oy boʻladi. Darslar qanday yoʻlga qoʻyilgan? Ota-onalar bu jarayonda qanday ishtirok etmoqda? Umuman, onlayn darslar bitiruvchi oʻquvchilar uchun qulaymi?

Ushbu amaliyot birinchi marotaba boʻlgani bois, ilk teledarslarda oʻqituvchilar koʻnikmaga ega emasligi sezildi.

– Oʻgʻlim 2 sinfda oʻqiydi, shuning uchun teledarslarni boshidan koʻrib boryapman, – deydi Dilfuza Karimova. – Ilk darslarda oʻqituvchining adashib ketish hollari ham boʻldi. Oʻzim uyda boʻlganim uchun vazifalarni belgilab olib, keyin kun davomida bajarib boryapmiz. Xatolarni oʻzim toʻgʻrilab, tushuntirishga urinyapman. Baʼzi fan oʻqituvchilari juda yaxshi tushuntiradi. Oʻquvchilar qiynalmasdan uy vazifalarini bajarishi mumkin. Darslarning qisqa vaqt ekanini hisobga olib, biz, ota-onalar faolroq boʻlishimiz kerak.

Vazirlik tomonidan efirga uzatilgan darslar yuzasidan taklif olish uchun ijtimoiy tarmoqda alohida kanal tashkil etilgan edi. Ota-onalar takliflarini berib bormoqda. Shu asosda darslar sifatini yaxshilash choralari koʻrilayapti.

– Ijtimoiy tarmoq orqali ekranning joylashuvi, yozuvlarning bolalar oʻqishi uchun noqulayligi, asosiy joyda oʻqituvchi turib qolib, yozuv doskasi uzoq boʻlib qolayotgani haqida taklifimni berdim, – deydi Feruza Olimova. – Buni inobatga olishdi shekilli, hozir darslar bir maromda, belgilangan vaqtida uzatib borilyapti.

Oʻquvchilar darslarda qanchalik faol ekanini poytaxtda joriy etilgan kundalik.som dasturida ham koʻrish mumkin. Hali elektron shaklga oʻtishga ulgurmagan viloyatlarda esa telegram guruhlarida ish qizgʻin. Hademay maktab ham nihoyasiga yetadi. Oliy taʼlim muassasasiga qabullar boshlanadi. Pedagoglar oʻquvchilar bilan qay tartibda ishlamoqda?

– Darslar 45 daqiqa boʻlgani asosan eski mavzuni takrorlash, yangi mavzu oʻtish va mustahkamlash, uyga vazifani tushuntirish boʻlardi, – deydi poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 256-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi Xonzoda Davronova. – Teledarslarning baʼzilari 20 daqiqagacha, baʼzilari esa sal kamroq boʻlyapti. Bu fanning, mavzuning murakkabligiga bogʻliq. 11-sinf oʻquvchilarim uchun telegram messenjerida alohida mashgʻulotlar ham tashkil etganmiz. Ular oldida jiddiy sinovlar turibdi. Oʻquvchilarimiz oliy taʼlim muassasasiga kirishi kerak. Oldinda maktab imtihonlari ham bor. Vaziyat qanday boʻlishidan qatʼi nazar bilimlar sarhisob qilinadigan palla. Shuning uchun bugun nafaqat bitiruvchi oʻquvchilarimiz, balki biz, ustozlar uchun ham murakkab vaziyat. Ularning tartib-intizomi bilan uyda kattalar, ota-onalari shugʻullanayotgan boʻlishi mumkin. Ammo taʼlim berish bizning zimmamizda. Kerak boʻlsa yana-da masʼuliyatli boʻlishimiz kerakligini sezib turibmiz.

– Onlayn darslarni koʻrayapman va bajarishga harakat qilayapman, – deydi Mehrangiz Usmonova. – Ustozimizning telegram guruhga yuborayotgan dars topshiriqlarini bajarish ham qulay boʻlyapti. Bu yil maktabni bitiraman. Karantin boʻlgunicha kurslarga borayotgandim. Hozir kurslar ham onlayn tartibda ishlayapti. Masʼuliyat bilan yondashishga, oʻrganishga harakat qilayapman. Axir bu yil talaba boʻlishim kerak. Shuning uchun bor diqqat-eʼtiborim dars tayyorlashga qaratilgan.

Xorijiy tillarni oʻrganish va oʻrgatish aslida murakkab ish. Ingliz tiliga oid televizion darslar ota-onalar, oʻquvchilar uchun qay darajada qulay?

– Yuzma-yuz turib, xato qilganda toʻgʻrilab tushuntirish, vazifani bajarish baribir boshqacha, – deydi Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 27-umumtaʼlim maktabi ingliz tili fani oʻqituvchisi Iroda Elmurodova. – Aslida hamma bolada ikki yoki undan ortiq tilni oʻrganishga qobiliyat boʻladi. Lekin buning qiyinchiliklari ham bor. Bu jarayonda yolgʻiz oʻqituvchi yoki bolaning bir oʻzi bu ishni eplolmaydi. Albatta uyda, kattalarning koʻmagi kerak boʻladi. Ilk teledarslarda oʻqituvchi boshidan oxirigacha ingliz tilida gapirib tushuntirayotgan edi. Buni tushunmagani uchun oʻquvchilarimga telegram guruhlarda oʻzim tushuntirib bordim. Hozir bu kamchilikni toʻgʻrilashgan. Oʻquvchilarga ham ancha oson boʻldi.

Muhimi ilk qadamlar qoʻyildi. Bunda faqatgina onlayn dars oʻtayotgan oʻqituvchilargina emas, balki har bir maktab jamoasi, ota-onalarning masʼuliyati yanadaoshdi.