Maktabda yangi sport zali foydalanishga topshirildi
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 49-umumta’lim maktabining yangi sport zali foydalanishga topshirildi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 49-umumta’lim maktabining yangi sport zali foydalanishga topshirildi.Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda navqiron avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishi borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik yigit-qizlarning ilm-fan, san’at, sport va boshqa sohalarda erishayotgan yutuqlariga puxta zamin yaratayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘i evaziga barpo etilgan mazkur sport majmuasi 36 xildagi sport inventarlari bilan ta’minlandi. Bu yerda yuvinish, tibbiyot, murabbiylar uchun mo‘ljallangan maxsus xonalar ham mavjud.
– Ta’lim muassasamizda 250 dan ziyod o‘quvchi tahsil oladi, – deydi maktab direktori Jasur Qulmurodov. – Yoshlarimiz sport bilan shug‘ullanishga juda ham qiziqadi. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida maktabimizning voleybol jamoasi tumanda birinchi o‘rinni, viloyatda uchinchi o‘rinni egalladi. Havaskor sportchilarimiz boshqa sport turlari bo‘yicha ham yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Yangi sport zali bunday muvaffaqiyatlarimizni yanada ko‘paytirishga, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Viloyatda o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 190 zamonaviy sport majmuasi va 19 bolalar musiqa va san’at maktabi qurilib, kapital rekonstruksiya qilindi. E’tiborlisi, bu obyektlarning 163 tasi qishloq joylarda barpo etilgan.