French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Szin Chje: O‘zbekiston xalqi kelajakka ishonch bilan qaraydi
19:51 / 2023-07-13

Yaqinda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan yirik siyosiy jarayon – Prezidentlik saylovi haqida xorijliklar ko‘plab ijobiy fikr bildirishmoqda. Quyida xitoylik bir necha ekspertning mulohazalarini keltiramiz.

Szin Chje, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari:

– O‘zbekistonliklar muddatidan ilgari Prezident saylovida faol ishtirok etdilar. Bu O‘zbekiston xalqi mamlakat kelajagiga komil ishonch bilan qarashidan dalolat.

Fuqarolarning aksariyati Shavkat Mirziyoyevga ovoz berib, amaldagi Prezidentning islohotlari, ochiq siyosati keng qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqladi. Demak, 2016 yil boshlangan keng ko‘lamli transformatsiya dasturini amalga oshirish davom etmoqda.

Bularning bari iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur’atini saqlab qolish kafolatidir. Xalq farovonligi tobora yaxshilanib, mamlakatning kelgusi jadal taraqqiyoti yanada yorqin tus oladi, deya ishonch bildirish uchun asos bor.

Li Yunsyuan, XXR Davlat kengashi Ijtimoiy rivojlanish markazi huzuridagi Yevroosiyo ijtimoiy rivojlanish tadqiqoti instituti direktori:

– 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatda aprel oyida o‘tkazilgan Konstitutsiyaviy referendumning mantiqiy davomidir. Ushbu tadbirlar Yangi O‘zbekiston strategiyasini yanada izchil hayotga tatbiq qilish uchun muhim institutsional asos, kafolat yaratgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Yangi O‘zbekiston strategiyasi bir tomondan mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi asosida, ikkinchi tomondan dunyoda kechayotgan geosiyosiy voqealar hisobga olingan holda ishlab chiqilgan. Ushbu hujjatni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqqan mutaxassis sifatida ishonch bilan ayta olamanki, Strategiya xalq farovonligini muntazam oshirish uchun yangi shart-sharoitlar yaratish asnosida davlat va jamiyatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Chjan Sin, Xitoydagi “Shanghai Art Fair International Exhibition” kompaniyasi rahbari:

- 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, tadbir milliy saylov qonunchiligi hamda xalqaro demokratiya andozalariga muvofiq ravishda, har tomonlama puxta tayyorgarlik bilan o‘tkazilganiga guvoh bo‘ldim.

Saylov ochiqlik, oshkoralik va tenglik kabi demokratiya me’yorlari asosida o‘tganini ham alohida ta’kidlash lozim. Prezidentlikka siyosiy partiyalardan ilgari surilgan har bir nomzodga bir xil imkoniyat, sharoit yaratib berildi. 

Uchastkalarda fuqarolar o‘z huquqidan to‘liq foydalanishi uchun barcha sharoit muhayyo edi. Ovoz berish jarayoni qonunchilik me’yorlari buzilmagan holda o‘tdi. O‘zbek xalqi o‘ziga xos faollik ko‘rsatib, ertangi kunga, o‘z mamlakati taqdiriga befarq emasligini namoyon qilgani menda iliq taassurot qoldirdi.

U Bixu, Pekin universiteti professori:

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabriklayman.

2023 yil mamlakat uchun muhim jarayonlar yili sifatida tarixda qoladi, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda Konstitutsiya yangilandi. Ushbu islohotning mantiqiy davomi sifatida 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatda hayotiy va ijobiy o‘zgarishlar muvaffaqiyatli kechayotgani quvonarli.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston rivojlanish va modernizatsiya yo‘lidan bormoqda. Barcha sohalarda jiddiy yangilanishlar namoyon. Buning zamirida, shubhasiz, xalq farovonligini, mamlakat gullab-yashnashini ta’minlash maqsadi yotibdi.

Bugun ko‘p qirrali O‘zbekiston – Xitoy munosabati jadal va har tomonlama rivojlanayotganiga guvohmiz. Respublikaning xitoylik investorlar uchun sarmoyaviy jozibadorligi ortmoqda. Bugungi kunda hamkorlikda amalga oshirilayotgan o‘zaro manfaatli loyihalar ko‘lami kengaymoqda.

Biz mamlakatdagi islohotlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz va bu borada har tomonlama yordam berishga tayyormiz.

O‘zA