Kecha tunda chirchiqlik sport ishqibozlari “Kimyogarlar” madaniyat saroyida Parij yozgi Olimpiadasining taekvondo WT bo‘yicha +67 kg vazn toifasida hamyurtimiz Svetlana Osipovaning fransiyalik Altea Loran bilan bahsini kuzatib, hamshaharlarini faol qo‘llab-quvvatladi.
Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ham Svetlananing ota-onasi, muxlislari safida final uchrashuvini tomosha qildi.
E’tiborlisi, sportchimiz Olimpiada sovrindori bo‘lgan o‘zbekistonlik ilk ayol taekvondochi bo‘ldi. O‘yindan so‘ng viloyat hokimi hamyurtimizning ota-onasi Valeriy Osipov va Natalya Osipovani mazkur natija bilan tabriklab, o‘z tilaklarini bildirdi.
–Biz oltin kutgan edik, lekin kumush medal ham yaxshi natija bo‘ldi, – deydi sportchining dadasi V.Osipov. – Hamshaharlarimiz, yaqinlarimiz bilan birgalikda o‘yinlarni hayajon bilan kuzatib bordik. Ochig‘i juda xursandman. Qizimning erishgan yutug‘idan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Bu nafaqat oilamiz, butun yurtimiz uchun mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi oldidan katta sovg‘a bo‘ldi.
Svetlana Olimpiada o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rgan edi. U murabbiylari, oilasi va barchaning ishonchini oqladi.
A. Musayev, O‘zA muxbiri