Mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, ta’lim muassasalarining pedagoglarini o‘z xizmat vazifalaridan tashqari ishlarga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini, ularni ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan.
Ammo pedagoglarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etyapti. Jumladan, pedagoglar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan ko‘plab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritilmoqda, ulardan turli hisobot va axborotlar talab qilinmoqda. Mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar, ko‘rgazmalarni tashkil etish, Davlat test markazi tomonidan tashkil etiladigan oliy ta’limga qabul test sinovlarida nazoratchi sifatida qatnashish, hokimliklarga bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha hisobot taqdim etish va boshqa shu kabi o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etilyapti. Bu esa pedagoglarning ta’lim berish jarayonlariga to‘liq tayyorlanish, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish ishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bu kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
— Mamlakatimiz ertasi bugungi farzandlarimiz, nevaralarimiz qo‘lida, shuning uchun ularni munosib tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova. — Ammo bugungi amaliyot shuni ko‘rsatyaptiki, farzandga ta’lim-tarbiya berishda ota-onaning vaqti yo‘q — ish bilan ovoramiz, uyga kelsak ham farzandlarning ko‘ziga qarash yo‘q, internetdan ortmaymiz. Asosiy yuklama esa o‘qituvchi pedagoglar zimmasiga tushyapti. Bizning vazifamiz — bog‘chadan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan pedagoglarni himoya qilish, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish. Afsuski, haligacha pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari mavjud. So‘nggi 3 yil ichida 350 nafar o‘qituvchi majburiy mehnatga jalb etilgan. Mayli, agar o‘qituvchi o‘z ixtiyori bilan qo‘shimcha haq to‘lash evaziga, asosiy pedagogik faoiyatidan tashqari holatda ishlarga jalb etilsa, o‘ziga daromad bo‘ladi. Ammo jamoat tashkilotlari pedagoglarni majburiy tarzda mehnatga jalb etsa, ular o‘z ustida ishlay olmaydi.
Shu bois Bosh prokuror tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga ta’lim muassasasining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, o‘qituvchilarning ish samaradorligini oshirish va lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifalarga jalb etish jarayonlariga barham berish orqali pedagoglarning jamiyatda nufuzini mustahkamlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodeksida pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish uchun javobgarlikni belgilash, shuningdek, pedagogning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ma’muriy jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi ta’lim muassasasining pedagog xodimini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish barobarida, jamiyatda qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Mamlakatimizda qonun ustuvor, jazo muqarrar tamoyili ishlashi kerak. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonun normalarini buzganda, albatta, belgilangan tartibda javob beradi, — dedi Bosh prokuror o‘rinbosari.
Majlisda deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, asosli takliflarni ilgari surishdi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA