FOTOREPORTAJ
Rossiya Federatsiyasining Sverdlovsk viloyati gubernatori o‘rinbosari Dmitriy Ionin boshchiligidagi delegatsiya Yangi Namangan tumaniga tashrif buyurdi.
Mehmonlar dastlab Yangi Namangan tumanidagi “MEXMASH” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Mazkur korxonada 500 dan ortiq turli xil o‘lchamdagi shurup hamda rulonli qog‘oz ishlab chiqariladi.
Keyingi manzil “Gavhar jewel group” korxonasi bo‘ldi. Qimmatbaho metallar va toshlarni xarid qilish, qayta ishlash va boshqa zargarlik faoliyat turlariga yo‘naltirilgan ushbu korxonaning loyiha qiymati 6,5 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Ayni paytda korxonada yiliga 1,5 tonna tilla buyumlar qayta ishlanmoqda. Bu yerda 50 kishi doimiy asosda mehnat qiladi, 150 dan ziyod mahalliy zargar bilan kooperatsiya tartibida ish olib borilmoqda.
Delegatsiya Chust tumanidagi “CHUST TEXTILE” MCHJ tomonidan trikotaj matosi to‘qish, bo‘yash va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Shuningdek, Chust tumanidagi “Siberian wellness Namangan” MCHJ xorijiy korxonasi faoliyati ham ko‘zdan kechirildi.
Namangan tumanida ham bugun sanoat jadal suratlarda rivojlanmoqda. Xorijiy hamkorlar va chet el investitsiyalarini jalb etgan holda yirik quvvatdagi ishlab chiqarish korxonalarini ishga solish mahalliy sanoatni yanada keng yo‘lga qo‘yilishida muhim omil sanaladi. Shu ma’noda bugun viloyatda bo‘lib turgan Sverdlovsk viloyati delegatsiyasining rasmiy vakillari tumandagi “Nam Motor Servis” korxonasida bo‘ldi. U yerda ayni paytda 100 nafardan ziyod ishchi mehnat qilmoqda.
2021-yilda 4 gektardan ortiq maydonda ish boshlagan mazkur yirik investitsion loyihaning dastlabki bosqichi ishga tushirilgan. Xitoydan olib kelingan zamonaviy texnologiyalar asosida yiliga 10 ming dona elektr dvigatel, 2 ming dona suv nasosi ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Ushbu ishlab chiqarish korxonasida bo‘lgan sverdlovsklik rasmiylar korxonaning sanoatdagi ishlab chiqarish ulushi, xalqaro bozorga chiqarayotgan tovarlar eksporti bo‘yicha ham ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
[gallery-17115]
Tashrif asnosida xorijlik mehmonlarga loyihaning navbatdagi ikkinchi bosqichi shu yilning may oyida, yakuniy bosqich esa yil yakunigacha ishga tushirilishi bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Buning natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning turi ko‘payib, hamkorlik geografiyasi yanada kengayadi. Qo‘shimcha 160 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA