Kuni kecha mamlakatimizning Berlindagi elchixonasida Germaniya – O‘zbekiston forumining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. GFR Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vaziri Svenya Shulse, Forum boshqaruv kengashi a’zolari, xususan Saksoniya-Anxalt federal o‘lkasi Landtagi (parlamenti) prezidenti Gunnar Shellenberger tadbirda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov anjuman ishtirokchilarini qutlab, an’anaviy do‘stlikka asoslangan ikki mamlakat munosabati ko‘p yillik tarixga egaligi, Germaniya yurtimizning Yeropadagi ishonchli sheriklaridan biri ekanini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari 2023 yil Germaniyaga ikki marta tashrif buyurishi hamda boshqa yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga ko‘tardi. Shu bilan birga, yangi tahrirdagi davlatimiz Bosh qomusi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi qabul qilinishi “Yangi O‘zbekiston”ni qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan siyosiy, xuquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalardagi tub islohotlarni yanada jadal davom ettirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu jarayona, jumladan, O‘zbekiston – Germaniya hamkorligi uchun ham yangi imkoniyatlar ochayotir.
Tomonlar O‘zbekistonda xorijiy tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratilgani, mamlakatimizning yuqori istiqbolga ega iqtisodiy va turizm salohiyati mavjudligini e’tirof etishdi.
Ishtirokchilar siyosat, iqtisodiyot, turizm, yashil energetika va iqlim muhofazasi, tibbiyot, maktab, kasbiy va oliy ta’lim yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar orqali hamkorlikni kengaytirishga hissa qo‘shish, yurtimizni Germaniya ishbilarmon va akademik doiralari, jamoatchiligiga ko‘proq tanitishga kelishib oldi.
Yig‘ilish yakunida Germaniya – O‘zbekiston forumining navbatdagi uchrashuvini yurtimizda o‘tkazish taklifi bildirildi.
Svenya SHULSE, GFR Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vaziri:
– O‘zbekiston va Germaniya hamkorligi ko‘p yillik tarixga ega, shuning uchun ham biz bu sheriklikni yanada rivojlantirish niyatidamiz. Nemis tilini mukammal biladiganlar ko‘pchilikni tashkil etadigan mamlakatingizda xorijiy tadbirkorlar sarmoya kiritishi uchun juda yaxshi, qulay shart-sharoit yaratilgan. Uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yish, masalan, sog‘liqni saqlash sohasini modernizatsiya qilish, shaharsozlikni, kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirish uchun imkoniyat yetarli.
Umuman, turli sohalarda birga ishlash uchun O‘zbekistonda barcha sharoit muhayyo. Germaniya – O‘zbekiston forumi shaklidagi jamoatchilik platformasi Germaniyada turib yurtingizni yaqindan tanishga imkoniyatidir. Men bu yerda ilgari surilayotgan tashabbuslarni bajoni dil qo‘llab-quvvatlayman.
Peter BRAND, Xagen sirtqi universiteti professori:
– Men ham Germaniya –O‘zbekiston forumi a’zosiman. Fikrimcha, bundan 32 yil oldin mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar ko‘lami kengayishi lozim. Germaniya uchun mintaqa davlatlari, ayniqsa O‘zbekiston bilan hamkorlikning ahamiyati oshib bormoqda.
Forumning maqsadi mamlakatni, O‘zbekistonning iqtisodiy, turistik salohiyatini Germaniyada targ‘ib etish. Biz shu orqali barcha sohalarda hamkorlikni keng miqyosda chuqurlashtirishga hissa qo‘shamiz.
Ishonamanki, bugundan amaliy faoliyatini boshlagan Germaniya – O‘zbekiston forumi tuzilmasi ikki tomonlama manfaatli munosabat yanada samarador tus olishiga ko‘maklashadi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi.
O‘zA