Suzish: O‘zbekistonlik sportchilar Tojikistonda muvaffaqiyatga erishdi
Dushanbeda Tojikiston Respublikasi mustaqillik kuniga bag‘ishlab suzish sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda mamlakatimiz sportchilari 14 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.
Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston mamlakatining 100 nafardan ziyod mahoratli sportchilari qatnashgan turnirda suzish sport turi vakillari bir nechta yo‘nalishda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qildi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari turli yo‘nalishlarda kechgan bahslar natijasida 2 ta oltin, 4 ta kumush va 8 ta bronza medaliga ega chiqdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Nigina Sharafova va Nikita Kornilov oltin medallarga sazovor bo‘lgan vaziyatda, Iskandar Sa’dullayev, Samir Abdujabborov, Ismoil Aminjonov, Javlon G‘aniyev, Gleb Kadishev, Liliya Siganenko, Mahdiya Muxtorova, Alina Nurmurodova sovrindorlikka erishdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA