Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli "Suv sporti saroyi"da suzish bo‘yicha I Markaziy Osiyo ochiq chempionati ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Uning tashkiliy ishlarida yuzlab turli kasb va yo‘nalish xodimlari qatnashgan bo‘lsa, musobaqalarni boshqarishda hakamlar katta jonbozlik ko‘rsatdi.
Xo‘sh, bahslarni boshqarish, uning texnik holatini nazorat qilishda suv sport turlari bo‘yicha necha nafar hakam-mutaxassislar ish olib bordi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan mazkur musobaqa mahoratli sportchilarni aniqlash bilan bir qatorda, murabbiy-mutaxassislar malakasini oshirishga xizmat qildi.
Chempionatning har jihatdan yuqori saviyada o‘tishida umumiy hisobda 59 nafar hakam ishtirok etdi. Shundan 7 nafari xorijlik, 52 nafari mahalliy mutaxassislar.

– Suzish bo‘yicha I Markaziy Osiyo ochiq chempionatida tajribali hakamlar qatori yurtimizda suv sport turlari bo‘yicha tahsil olib kelayotgan ko‘plab yosh hakamlar ish yuritgani e’tiborli bo‘ldi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining 22 nafar talaba-sportchilari xorijiy hakamlar bilan bahslarni boshqarishda qatnashgani, tajriba almashgani chempionat mamlakatimizda suv sport turlari rivojini yangi bosqichga olib chiqqanidan dalolat, – deydi Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Muqim Arziqulov.
Shu o‘rinda bir gap. I Markaziy Osiyo ochiq chempionatining texnik hisobotlari, musobaqalarni boshqarish tartibi to‘liq xorijiy tillarda olib borildi. Kommunikatsiya tizimlari asosida boshqarildi. Bahslar nazoratida qatnashgan yurtimiz talaba-sportchilari esa xorijiy tillarni bilishi, kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanishi musobaqalarning professional o‘tishini ta’minladi.
Aytish lozim, chempionatda hakamlik qilgan yoshlarimiz kelgusida qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida hakam sifatida qatnashish sari ilk qadamni tashladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA