English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suzish havzasi yoshlar ixtiyorida
14:57 / 2023-05-24

Jizzaxda yangi yopiq suzish havzasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Jizzax viloyati hokimligi, sport faxriylari, jamoatchilik vakillari, Jizzax Olimpiya va paralimpiya sport turlari tayyorlash markazi murabbiy va tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, sportga hukumat miqyosida qaratilayotgan e’tibor, yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar xususida to‘xtalib o‘tdi.  

Olimpia sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida sportsevar  yoshlar uchun zamonaviy ob’ektlar qurib berilmoqda. Bu o‘z navbatida musobaqalarda qo‘lga kiritilayotgan natijalar salmog‘ini oshiryapti.  Jizzaxda suv sport turlari yoshlar o‘rtasida yanada ommalashib bormoqda. Hozirgi kunda Zomin, Paxtakor, Zarbdor, Do‘stlik tumanlaridagi sport maktablari va Jizzax shahri “So‘g‘diyona” sport majmuasida jami 5 ta yopiq va Jizzax Olimpiya va paralimpiya sport turlari tayyorlash markazida 1 ta ochiq suv havzasi faoliyat yuritmoqda. Ularda suzish bo‘yicha 316 nafar, suvga sakrash yo‘nalishida 22 nafar, suv polosi yo‘nalishida 35 nafar, sinxron suzish yo‘nalishida 38 nafar va parasuzish yo‘nalishida 16 nafar o‘g‘il-qizlar shug‘ullanib kelmoqda.  

[gallery-12022]

Quvonarlisi, Jizzax Olimpiya va paralimpiya sport turlari tayyorlash markazida yana 1 ta zamonaviy yopiq suv havzasi bunyod etildi. Uzunligi 25 metr bo‘lgan mazkur ob’ekt “Navoiy konmetallurgiya” AJ tomonidan 8 milliard so‘m homiylik mablag‘lari hisobidan barpo etildi. Havzada bir vaqtning o‘zida 80 nafar yoshlar suv sporti bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega. Shuningdek, kiyinish va yuvinish uchun barcha sharoitlar mavjud.  

– Jizzax Olimpiya va paralimpiya sport turlari tayyorlash markazida o‘qiyman. Men suzish bo‘yicha Toshkent, Xorazm va boshqa viloyatlarda o‘tgan musobaqalarga borganman va ularda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritganman, – deydi Fotima Musurmonqulova. – Ushbu havza qurib berilganidan xursandmiz.  

Yangi va zamonaviy suzish havzasi hududda olimpia va paralimpia suv sporti bo‘yicha kuchli atletlarni yetishtirishga xizmat qiladi va bu dargohdan kelgusida olimpiada, Jahon, Osiyo va mamlakat chempionlari yetishib chiqishiga ishonch bildirildi.

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA