Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suzish havzalarida cho‘milish uchun bu qoidalarni bilish muhim (video)
09:12 / 2025-06-12

Yozgi mavsumda suzish — sog‘liqni mustahkamlovchi, ruhiy tetiklik bag‘ishlovchi mashg‘ulotlardan biridir. Biroq, havzalar — xoh u ochiq bo‘lsin, xoh yopiq — gigiyena va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilinmasa, turli infeksiyalar, shikastlanishlar yoki salomatlikda muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois, suzish havzalarida cho‘milishdan avval va cho‘milish davomida bir qator qoidalarga amal qilish kerak bo‘ladi.  

Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Yakkasaroy tumani bo‘limi sanitariya vrachi, oliy toifali shifokor — Shuhrat ALIMOV bu borada batafsil ma’lumot berdi.  

Unga ko‘ra, yopiq (ichki) havzalarda cho‘milishda:  

1. Dush qabul qilishni unutmang: cho‘milishdan oldin dushda yuvinish ter va mikroblarning suvga tushishini kamaytiradi;  

2. Suzish kiyimi gigiyenik va toza bo‘lishi shart: maxsus sport suzish kiyimlari tanani siqmaydigan, tez quriydigan va gigiyenik bo‘lishi kerak;

3. Ko‘zoynak va suzish qalpog‘ini taqing: bu ko‘z va sochlarga suvdagi kimyoviy moddalarning salbiy ta’sirini kamaytiradi;

4. Sog‘lig‘ingizga e’tibor bering: agar tanangizda ochiq yara, allergiya, terlama yoki yuqumli kasallik bo‘lsa, suzishga kirish tavsiya etilmaydi;  

5. Tozalikka ishonch hosil qiling: yopiq havzalarda suv tarkibi muntazam dezinfeksiya qilinayotganiga e’tibor qarating.  

Bundan tashqari, suv iflos bo‘lsa cho‘milmang!  

Shuningdek, ochiq suv havzalarda (ko‘l, kanal, daryo)da cho‘milish:  

1. Suv sifati va xavfsizlik belgilari o‘rnatilganligiga e’tibor bering:  

“Cho‘milish man etiladi” deb yozilgan joylarda suzish qat’iyan taqiqlanadi;  

2. Oyoq kiyimi va ko‘zoynakdan foydalaning: tashqi havzalarda kesuvchi toshlar, o‘tkir narsalar bo‘lishi mumkin;  

3. Suvning haroratini tekshirib ko‘ring: juda sovuq suvga to‘satdan kirish yurak-qon tomir tizimiga zarar yetkazishi mumkin;

4. Yolg‘iz cho‘milmang: suzishni bilsangiz ham, xavfsizlik uchun do‘stlaringiz bilan birga suzganingiz ma’qul;

5. Quyoshdan himoyalaning: uzoq vaqt ochiq havzada bo‘lsangiz, SPF kremlar bilan teringizni asrang, kuyish va isitishdan saqlaning.  

Umumiy xavfsizlik va gigiyena qoidalari:  

Eng muhimi, bolalarni nazoratsiz qoldirmang:  

Havzada yugurmaslik, boshqa cho‘miluvchilarga xalaqit bermaslik;

O‘zingizni yomon his qilsangiz — darhol suvdan chiqing;

Suvda hazil-mutoyibalarni me’yorida qiling — o‘yinlar xavfli bo‘lishi mumkin.  

Suzish — bu sog‘lom turmush tarzining ajralmas qismi. Ammo bu faqat to‘g‘ri tashkil etilgan, xavfsizlik va sanitariya qoidalariga amal qilingan taqdirdagina foyda keltiradi.

Ochiq yoki yopiq havzalarni tanlar ekansiz, eng avvalo o‘z sog‘lig‘ingiz va atrofdagilarning xavfsizligi haqida o‘ylang.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/VHaavjUkg30?si=oE33QBDVTeEtTaOo" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, A.Ahmedov, O‘zA