O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yangi zamonaviy suzish havzalarini (baseyn) qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentda:
tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘yiladigan talablar;
xarajatlarni qoplash uchun ariza berish tartibi hamda taqdim etiladigan hujjatlar;
arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish tartibi;
ajratiladigan mablag‘larni tadbirkorlik sub’ektlariga o‘tkazish tartibi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu Ma’muriy reglamentga muvofiq talabgorlar tomonidan taqdim etilgan dastlabki 100 ta suzish havzasini qurish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.
Bunda mablag‘lar 2026 yil 1 fevraldan boshlab 2028 yil 1 yanvarga qadar suzish havzalarini tashkil etish xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 million so‘mdan oshmagan qismi uchun ajratiladi.
Talabgor xarajatlarni qoplash uchun ariza taqdim etish vaqtida quyidagi talablarga javob berishi lozim:
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi;
Qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi;
faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lmasligi;
sud qarori asosida to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilingan bo‘lmasligi.
Xarajatlar bitta talabgorga bitta suzish havzasi uchun bir marta qoplab beriladi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘n besh kun muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmati O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etilishini ta’minlash belgilangan.
Mazkur Ma’muriy reglament yangi zamonaviy suzish havzalarini (basseyn) qurish (mavjud suzish havzalarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno) va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash tartibini belgilaydi.
Xarajatlarni qoplash uchun mablag‘lar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Qo‘mita tomonidan ajratiladi.
O‘zA