Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suzish bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati g‘oliblari aniqlanmoqda (+video)
18:15 / 2025-05-21

Ma’lumki shu kunlarda O‘zbekistonda ilk bora suzish bo‘yicha I-Ochiq Markaziy Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. “Suv parisi” xalqaro turniri yakunlanishi bilan ushbu musobaqalarga start berildi. Tantanali ochilish marosimida ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni, shu jumladan, suv sportini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e’tibori natijasida sportchilarimizning xalqaro arenalardagi natijalari yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Shu bilan birga suv sporti sohasida yetakchi xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yishda, sportchilarni xalqaro turnirlarga tayyorlash, yuqori malakali va tajribali murabbiylar tarkibini shakllantirishda ana shunday musobaqalarning alohida o‘rni bor.

Shu o‘rinda Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalariga qarashli “Suv sporti saroyi”da suzish bo‘yicha I-Ochiq Markaziy Osiyo chempionati yuqori saviyada o‘tishi uchun tashkilotchilar tomonidan yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganini alohida e’tirof etish joiz. Buni xorijlik sportchilar va ularning murabbiylari ham ta’kidlashmoqda. 

Musobaqalarda 185 nafar sportchi ishtirok etib, 36 ta yo‘nalishda 158 ta medal uchun kurash olib borishmoqda. Mamlakatimiz sharafini O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 60 nafar sportchi himoya qiladi. “A”, “V” va “S” guruhlaridagi ayollar va erkaklar 50,100, 200 va 400 metrga erkin usulda suzish, 200 va 400 metrga kompleks suzish, 50, 100 va 200 metrga chalqancha suzish, 50, 100 va 200 metrga batterflyay usulida suzish, 50, 100 va 200 metrga brass usulida suzish bo‘yicha bahslashadilar. 

Shuningdek, kombinatsiyalangan miks estafetasi, erkin usuldagi miks estafetasi kabi yo‘nalishlarda 1-, 2-, va 3-o‘rin egalari aniqlanmoqda. Xalqaro musobaqalarni texnik qo‘mita a’zosi Eronlik Hamid Iskandaruyin rahbarligidagi nufuzli hakamlar xay’ati tomonidan baholab borilmoqda. 

Musobaqaning dastlabki kunida erkin usulda suzish bo‘yicha 50 va 400 metr masofaga o‘tkazilgan bahslarda Anastasiya Zelinskaya, Sevara Yaxshiyeva, Muhammadsodiq Mahsudov oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, Osiyo Rejapova, Yuriy Petrovnin, Eldor Usmonov marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi. Shuningdek, Mixail Kleshko, Nikita Kornilov, Parizod Abdukarimova, Alina Murmurodova, Zarina Abdusamatova shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishdi. Chalqancha 100 metr masofaga suzishda Mixail Kleshko, Muhammadismoil Rahmonov, Mahdiya Muxtorova o‘z yosh toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritishdi. 

Batterflyay yo‘nalishining turli yosh toifalarida 200 va 100 metr masofaga o‘tkazilgan bellashuvlarda Nozimaxon Ismoilova, Eldor Usmonov barcha raqiblarini ortda qoldirib, chempionga aylandi. Husan Zamixullayev, Ismoil Yuxnevich, Sevara Rashidova, Madina Imomnazarova kabi suzuvchilarimiz kumush medaliga ega chiqqan bo‘lsa, Aleksey Yuxnevich, Javlon G‘aniyev, Abdulaziz Abdumajidov, Liliya Siganenko terma jamoamiz hisobiga bronza medalini keltirdi.

15-17 yosh toifasidagi erkin usulda 4X100 metr masofaga estafeta yo‘nalishida Qozog‘iston 2 terma jamoasi g‘olib chiqdi. O‘zbekiston 1 va O‘zbekiston 2 terma jamoalari esa kuchli uchlikdan joy oldi. 

21 may kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston terma jamoasi a’zolari chempionatning uchta yosh toifasida brass, batterflyay, erkin, chalqancha, kompleks turlari bo‘yicha bahslarda ishtirok etadi. Mazkur Xalqaro chempionat sportning suzish turini nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida ommalashtirish va rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shishi aytilmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Fuw-nUC7WAE" title="Suzish bo‘yicha MarkaziyOsiyo chempionati g‘oliblari aniqlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> 

Sanjar Toshpo‘latov, Javohir Toshxo‘jayev, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA