Joriy yilda havo haroratining keskin pasayishi tufayli Toshkent viloyati tuman va shaharlarida ham aholi xonadonlarida tabiiy gaz bosimining me’yordan pasayishi kuzatildi. Tabiiyki, mazkur holat ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqardi.
Mazkur vaziyatni barqarorlashtirish uchun “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joylarda aholi ehtiyojiga qarab suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Tahlillarga ko‘ra, yanvar oyining o‘zida viloyatdagi iste’molchilarga 623 tonna 700 kilogramm suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Ayniqsa, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlar Angren shahriga 81 tonna 420 kilogramm, Bekobod shahariga 5 tonna 360 kilogramm, Bo‘stonliq tumaniga 79 tonna 500 kilogramm, Bo‘ka tumaniga 137 tonna 460 kilogramm va Bekobod tumaniga 28 tonna 100 kilogramm suyultirilgan gaz tarqatildi. Bundan tashqari, shu masalada aholidan kelib tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan hal etilmoqda.

Xususan, mahallalarda aholi bilan tashkil etilayotgan uchrashuvlarda mutaxassislar tomonidan suyultirilgan gaz va maishiy gaz ballonlarni gaz ta’minoti tashkiloti va iste’molchi o‘rtasida shartnoma tuzmasdan yetkazib berish va qabul qilish taqiqlangani tushuntirildi. Belgilangan talabga ko‘ra, fuqarolar bilan shartnoma tuzilgandan so‘ng maishiy gaz ballonlar yetkazib beriladi. Buning uchun ballonlarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchalari belgilangan tartibda ishlamoqda.
A.Musayev,
O‘zA.