Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suyultirilgan gaz uchun ortiqcha haq olishning imkoni yo‘q
21:28 / 2021-04-22

Samarqand viloyatida tabiiy gaz yetkazib berishning texnik imkoniyati bo‘lmagan 815 ta mahallaga suyultirilgan gaz mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazib berish “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga Samarqand viloyatida jami 487 104 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari bo‘lib, ularning 486 770 tasi aholi xonadoni, 334 ta ijtimoiy soha ob’ektlari hisoblanadi.

Suyultirilgan gaz mahsulotini iste’molchilarga yetkazib berish jarayonida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialiga qarashli har birining oylik maishiy gaz ballonlarini to‘ldirish quvvati 600 tonna bo‘lgan 5 ta - Urgut, Payariq, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot gaz to‘ldirish shoxobchalari, oylik quvvati 2 500 tonna bo‘lgan Samarqand gaz to‘ldirish stansiyasi hamda har birining oylik quvvati 500 tonnadan bo‘lgan 2 ta shartnoma asosida xizmat ko‘rsatayotgan «Temurgaz» MCHJ, “Sam expres petrol” xususiy korxonalariga qarashli gaz to‘ldirish shoxobchalari xizmat ko‘rsatmoqda.

Shu kungacha viloyatda 556 482 dona maishiy gaz ballonlari orqali «aylanma» tara usulida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 530 134 donasi filial balansida bo‘lsa, 26 348 donasi iste’molchilarning shaxsiy mulki hisoblanadi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan tashkil etilgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Urgut tumanida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoni bilan tanishdi. Tumanning 5200 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan Sariqtepa mahallasiga suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayonida iste’molchilarga ID-kartalar tarqatildi.

- Joriy yilning 1 yanvaridan 19 apreligacha iste’molchilarga yetkazib berilgan suyultirilgan gaz miqdori 25201,68 tonnani tashkil etadi, - deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialining suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ma’ruf Pardayev. 

– Iste’molchilarga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish samaradorligini oshirish maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan respublika bo‘ylab suyultirilgan gazning hisob-kitobini yuritishda avtomatlashtirilgan tizim joriy etilmoqda. Bu iste’molchi va ta’minotchi uchun har tomonlama qulay. Ayni paytda viloyatimizda mazkur jarayon davom etmoqda. Bugungacha viloyatda iste’mol uchun maishiy gaz ballonlarning 525 462 tasiga maxsus shtrix kodli stikerlar o‘rnatilib, 282 915 nafar iste’molchiga ID-kartalar tarqatildi.

Press-tur ishtirokchilari Urgut gaz to‘ldirish shoxobchasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA