Buxoro viloyati Jondor tumanining 42 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 20 ming 871 ta iste’molchi “Jondortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Ularga 35 kunga bormay gaz ballonlari rejaga asosan yetkazilmoqda. Navbatdagi manzil “Samonchuq” mahallasida bo‘ldi.
Ushbu mahalladagi “Samonchuq” qishlog‘ida 1 ming 300 ta iste’molchi yashaydi. Ular 10 yildan ortiq maishiy gaz ballonidan foydalanib kelmoqda. Kun davomida xonadonlarga navbat bilan gaz balloni tarqatilmoqda. Kuniga esa 2 ming 160 kilo suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

– 13 yildan buyon gaz ballonidan foydalanamiz, – deydi fuqaro Orzugul Jo‘rayeva. – Albatta, maishiy ehtiyojlarimiz uchun ishlatamiz. Qishni qish, yozni yoz demay gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib bermoqda. Ikki yildirki, to‘lovlarni ham maxsus kartalarda amalga oshirib kelyapmiz. Muammo bo‘lgani yo‘q. Iste’molchi sifatida barchamiz tarqatilayotgan yo‘riqnomalarga, qoidalarga rioya qilishimiz lozim.

Ma’lumki, ayni issiq kunlar boshlanayotgan bir paytda ba’zi iste’molchilar gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanmay, turli baxtsiz hodisalarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Soha xodimlari jarayonlar davomida gaz ballonini gaz plitasi bilan oraliq masofasiga, shuningdek, reduktor va boshqa tarkibiy qismlarning ahamiyati, ularning sozligiga e’tibor qaratish lozimligi to‘g‘risida ham ma’lumot berib o‘tmoqda. Iste’molchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘riqnomalar tarqatilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA