Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazilmoqda
14:07 / 2026-01-31

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan Bobodo‘g‘i mahallasi keng qir-adirlarga tutashib ketgan.

Shu boisdan bu yerda qish havosi boshqa mahallalarga qaraganda ancha salqin. Mahallada 2900 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi
Bobodo‘g‘iliklar maishiy turmushda asosan suyultirilgan gazdan foydalanadi. Suyultirilgan gaz iste’molchilari soni esa 722 tani tashkil etadi. Mahallaga tasdiqlangan reja-jadval asosida har 35-40 kunda suyultirilgan gaz yetkazib kelinmoqda. 

Hozirda tuman bo‘yicha aholiga maishiy gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida to‘rtta maxsus “ISUZU” transport vositasi ajratilgan. Bir kunda tuman ahliga 8,5 tonnagacha suyultirilgan gaz tarqatiladi. E’tiroflisi, qishning qorli, sovuq kunlarida ham hech bir mahalla, xonadon suyultirilgan gaz ta’minotisiz qolmaydi. Shu jumladan, Bobodo‘g‘i mahallasi ham doimiy tarzda maishiy gaz ballonlar bilan ta’minlanib kelinmoqda. 

– Har qanday ob-havo sharoitida tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan maishiy gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda, – deydi mahalla faollaridan biri Iroda Norqulova. – Ovqat tayyorlash, choy qaynatishda qiynaladigan holatlar deyarli uchramaydi. Qahraton qish kunlarida ham rejaga muvofiq gaz ballonlari kechiktirilmasdan olib kelinyapti. Bu, albatta, aholi uchun katta qulaylik.

Aytish kerakki, maishiy gaz ballondan foydalanishda ham xavfsizlik qoidalariga rioya etish muhim sanaladi. Mahallada gaz ballonlarini tarqatish jarayonida iste’molchilarga “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali va “Qiziltepatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan gaz ballondan to‘g‘ri foydalanishga oid tushuntirishlar olib boriladi. Qish mavsumini betalafot o‘tkazishda hushyor bo‘lish, gaz jihozlarini nazoratsiz qoldirmaslik, gaz ballonni gaz plitadan belgilangan masofada uzoq o‘rnatish va boshqalar bo‘yicha zarur tavsiyalar berilmoqda. Shu bilan birga mavzuga oid eslatmalar tarqatilyapti. 

A.Bo‘riyev, O‘zA