French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazilmoqda
12:01 / 2025-06-20

Nurota tumani Navoiy viloyatining chekka tumanlaridan biri bo‘lib, ayrim hududlari viloyat markazidan 200-250 kilometrgacha uzoqlikda joylashgan. Tumanda 31 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi suyultirilgan gaz iste’molchisi hisoblanadi.

“Nurotatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan reja-jadval asosida har 35-40 kunda iste’molchilarga maishiy gaz ballonlar yetkazib beriladi. Shuningdek, suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha eslatmalar ham mavjud. Bu bekorga emas. Maishiy gaz ballonni saqlash va o‘rnatishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik turli ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin. Shuni hisobga olgan holda tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘limi xodimlari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahallalar kesimida doimiy profilaktik tadbirlar, tushuntirish ishlarini olib boradi. 

– Iyun oyining shu kuniga qadar tuman aholisiga 100 tonnaga yaqin suyultirilgan gaz yetkazib berildi, – deydi tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Asliddin Sayfiddinov. – Iste’molchilarni maishiy gaz ballon yetkazish bilan bog‘liq murojaatlarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida doimiy sayyor qabullar ham o‘tkazib kelinmoqda. O‘tkazilayotgan tadbirlarda aholiga gaz ballondan xavfsiz foydalanish qoidalari eslatib o‘tilmoqda. 

Nurfaxr mahallasi tuman markaziga yaqin manzilda joylashgan. Besh yuzdan ortiqroq suyultirilgan gaz iste’molchisiga ega mahallada ham gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan aholiga maishiy gaz ballonlar yetkazilishi bilan birga gaz ballondan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan muntazam ravishda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinadi. 

– Mahallamizga maishiy gaz ballonlar belgilangan muddatlarda yetkazib berilmoqda, – deydi ushbu mahallada yashovchi iste’molchilardan biri Zafar Toshpo‘latov. – Gaz ta’minoti xodimlari gaz ballonlarni quyosh nuri tushadigan joylar, yerto‘la, kirish yo‘laklarida saqlamaslik bo‘yicha tushuntirish berishyapti. Biz esa o‘z navbatida ular aytgan xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda suyultirilgan gazdan foydalanib kelyapmiz. 

Mahallada hamkor tashkilotlar ishtirokida xonadonma-xonadon yurilib o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida gaz ballondan o‘zboshimchalik bilan foydalanishning keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlari hayotiy misollar yordamida tushuntirilmoqda. 

Tumanda bu boradagi targ‘ibot ishlari davom etmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri