Surxondaryo viloyatida iste’molchilarni davlat-xususiy sheriklik asosida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash joriy etildi.
“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining hududiy filiali tomonidan tadbirkorlar bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik asosida gaz to‘ldirish shoxobchalari qurilmoqda.

Sho‘rchi tumanida qurilgan ana shunday gaz to‘ldirish shoxobchasi ish boshladi. Tumandagi 37 ming 575 iste’molchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi shoxobchada 9 kishining bandligi ta’minlandi.

Shu paytgacha Sho‘rchidagi iste’molchilarga suyultirilgan gaz 45 kilometr uzoqlikdagi Qumqo‘rg‘on va 20 kilometr masofadagi Denov tumanlaridagi gaz to‘ldirish shoxobchalaridan tashib keltirilayotgan edi. Endilikda masofa ancha qisqarib, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash sifati va samaradorligi oshdi. Mazkur shoxobcha bir kunda o‘rtacha 20-30, bir oyda 600-800 tonna suyultirilgan gaz to‘ldirilgan maishiy ballonlarni iste’molchilarga yetkazish quvvatiga ega.

Ayni paytda viloyatdagi aholi xonadonlarida 578 ming 305 ta suyultirilgan maishiy gaz balloni mavjud. Ularga “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining viloyatdagi yettita suyultirilgan gaz to‘ldirish stansiyasi, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida Termiz tumanidagi suyultirilgan gaz to‘ldirish stansiyasi, Sherobod, Oltinsoy, Uzun, Sariosiyo tumanlari va Bobotog‘ massividagi gaz to‘ldirish shoxobchalari xizmat ko‘rsatmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri