Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Suyultirilgan gaz ballonni o‘zboshimchalik bilan tozalashga urinmang
13:15 / 2023-11-14

Surxondaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida 371 mingdan ortiq maishiy gaz ballonga cho‘kib qolgan og‘ir qoldiq to‘kib olinib, tozalandi.

Iste’molchilarning suyultirilgan gazdan to‘g‘ri foydalanishida gaz ballonlardagi og‘ir qoldiqlardan o‘z vaqtida tozalangani muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayon suyultirilgan gaz ballonlarining xavfsizligini ta’minlash barobarida sovuq kunlarda qattiq yoqilg‘idan samarali foydalanishga ham xizmat qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi gaz iste’molchilarining 475 mingdan ortig‘i suyultirilgan gazdan foydalanadi. Ularga 64 ming 581 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali aholiga qishin-yozin bir maromda suyultirilgan gaz yetkazib berishi uchun suyultirilgan gaz ham, gaz ballon va maxsus transport vositalari ham yetarli.  

Mutaxassislarning aytishicha, ayniqsa, sovuq kunlarda suyultirilgan uglevodorodli gazning bir qismi og‘ir qoldiqqa aylanib, yonuvchanligini yo‘qotadi. Undan foydalanish mumkin emas. Shu bois viloyatdagi gaz to‘ldirish shoxobchalarida ballonlardagi og‘ir qoldiqlarni tozalash yo‘lga qo‘yilgan.

–Yoz faslida bir kunda o‘rtacha 30–40 dona gaz ballondan og‘ir qoldiq to‘kilsa, kuz-qish mavsumida 70–80, ba’zan esa yuzga yaqin gaz ballonni og‘ir qoldiqdan tozalashga to‘g‘ri keladi, – deydi  “Jarqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish shoxobchasi og‘ir qoldiq to‘kuvchi chilangari Abdurashid Qurbonov, – Og‘ir qoldiqni to‘kishda har bir to‘kilayotgan maishiy gaz ballon avval tarozidan o‘tkaziladi. Og‘ir qoldiqdan bo‘shatilgach, yana tortilib, keyin maxsus kitobga qayd etib boriladi.  

Tahlilarga ko‘ra, yilning o‘tgan davrida “Uzun” gaz to‘ldirish shoxobchasida 18 ming 66 dona maishiy gaz ballon 16 ming 527 tonna “Jarqo‘rg‘on” gaz to‘ldirish shoxobchasida 19 ming 360 dona ballon 9 ming 639 tonna, Muzrabotda 26 ming 380 dona gaz ballon 14 ming 638 tonna og‘ir qoldiqdan tozalandi. “Denov-Xayrabod” va “Qumqo‘rg‘on-Oqjar” gaz to‘ldirish stansiyalarida ham har bir maishiy gaz ballondan og‘ir qoldiqni o‘z vaqtida to‘kish alohida nazoratga olingan.  

Mazkur shoxobchalarda bo‘lsangiz, maishiy gaz ballonlarni og‘ir qoldiqdan tozalash biroz nozik va murakkab ish ekaniga guvoh bo‘lasiz. Mutaxassislarning harakatlarini kuzatib, iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berishning og‘ir vazifa ekani va gazdan tejab foydalanishning mohiyatini anglaysiz. Tasavvur qiling: sinovdan o‘tkazishdan oldin maishiy gaz ballon og‘ir qoldiqdan bo‘shatilib, maxsus uskunaga o‘rnatilgach, ballon suv bilan to‘ldiriladi. 25 kilogramm bosim ostida 12–15 daqiqa sinalib, maishiy gaz ballon holati e’tibor bilan ko‘zdan kechiriladi. Agar ballonda suv sizib chiqishi, shishish holati sezilsa, u foydalanishga yaroqsiz ballon sifatida utilizatsiya qilinadi. Sinovdan o‘tgan ballonlarning tepa qismidagi maxsus yorliqqa sinov muddati muhrlanadi. Barcha ish yakuniga yetgach, ular bo‘yalib, foydalanish uchun topshiriladi. Maishiy gaz ballondan foydalanishda uning yaroqlilik davri ham belgilangan. Jumladan, birinchi marta 5 yilda, keyingi safar uch yilda sinovdan o‘tkaziladi. Buning uchun viloyatdagi barcha gaz to‘ldirish shoxobchalarida sinov sexlari mavjud.  

Xo‘sh, suyultirilgan gaz ballonlaridan to‘kib olingan yirik miqdordagi qattiq qoldiqning taqdiri nima bo‘ladi?

–Uni xarid qiluvchi tadbirkorlar bor,– deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali direktorining suyultirilgan gaz bo‘yicha o‘rinbosari Feruzbek Atamurodov. – Ular issiqxonalarni qizdirish yoki boshqa bizneslarini yuritish uchun ishlatadi. Bu mahsulot birja orqali savdoga qo‘yilib, ularga sotilmoqda. Olingan daromad gaz to‘ldirish shoxobchalarini yanada mukammallashtirish, ishchi–xodimlarga qulay mehnat va dam olish sharoiti yaratish uchun sarflanadi.

Qishning izg‘irinli sovuq fasli yaqinlashayotgan shu kunlarda maishiy gaz ballonlarni og‘ir qoldiqlardan tozalash ishlari yanada tezlashmoqda. Mutaxassislar shoxobchalarga keltirilgan gaz ballonlarni jiddiy e’tibor bilan nazoratdan o‘tkazib, qattiq qoldiq to‘planganlarini saralab, tozalash choralarini ko‘rayotir.

Biz bu jarayon bilan tanishib, yo‘lga otlanayotganimizda “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Aziz Mashrapov iste’molchilar o‘rtasida suyultirilgan gaz ballonida hosil bo‘lgan og‘ir qoldiqni o‘zboshimchalik bilan to‘kmaslikni targ‘ib qilishni ham so‘radi. Bu ishning o‘ta xavfli, qaltis taraflarini tushuntirdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri